18:14 / 11.06.2015
2393

Pan Gi Mun O‘shda 2010 yilgi tartibsizliklar qurbonlarini xotirlaydi

9 iyun kuni BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Markaziy Osiyo bo‘ylab turnesini boshladi. U dastlab Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga tashrif buyurib, "Suv hayot uchun" xalqaro harakatining 10 yilligi maqsadlarini amalga oshirish yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi va Emomali Rahmon bilan uchrashdi.

10 iyunda Pan Gi Mun Qozog‘istonda bo‘ldi va u yerda dunyoda har yili an'anaviy o‘tkaziladigan dinlar bo‘yicha davlat rahbarlari ishtirokidagi anjumanda qatnashdi. Bosh kotib Nursulton Nazarboyev va bosh vazir Karim Masimov hamda tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov bilan uchrashib, prezidentdan al-Forobiy nomidagi Qozoq milliy universitetining faxriy doktori rutbasi qabul qilib oldi.

11 iyun kuni Pan Gi Mun Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahriga bordi va Almazbek Atambayev bilan uchrashdi. U Bishkekda bo‘lib o‘tadigan Qirg‘izistonda parlamentarizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida ishtirok etadi, keyin esa mamlakat rahbari Almazbek Atambayev bilan muzokaralar olib boradi. U bosh vazir Temir Sariyev hamda parlament spikeri Asilbek Jyeenbekov bilan ham gaplashib oladi.

BMT bosh kotibi Bishkekdan O‘shga o‘tadi va bu yerda 2010 yilning iyunida qirg‘iz va o‘zbeklar o‘rtasida sodir bo‘lgan nizo tufayli halok bo‘lgan yuzlab kishilarni xotirlash marosimida qatnashadi.

Shundan so‘ng uning safari O‘zbekistonga yo‘naladi. 13 iyun kuni esa Pan Gi Mun Turkmanistonda bo‘ladi.

Top