22:15 / 12.06.2015
3948

«Toshshahartransxizmat» naqd pullar yashirilishi holatlarini tan oldi

11 iyunda Fransiya-O‘zbekiston biznes forumi davomida «Toshshahartransxizmat» AK vakili kompaniyaning loyihalarini taqdimot qilish paytidagi nutqi davomida kompaniyada naqd pullarni yashirish holatlari ro‘y berishini ta'kidlab o‘tdi.

“Hech kimga sir emas, naqd pullarni yashirishning sub'yektiv sabablari mavjud. Shuning uchun bizda jamoatchilik transportida kontaktsiz to‘lovni amalga oshirish tizimini joriy qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Kompaniya vakillari joriy yilda Fransiyaga tashrif buyurib, bu boradagi mahalliy tajriba bilan tanishishdi”, deb aytdi kompaniya vakili.

Vakil bunday tizimning Toshkentda tatbiq qilinishining oxirgi muddati 2016 yil bo‘lishi, biroq barcha ishlar shu yiliyoq yakuniga yetkazilishi mumkinligini aytdi.

Smart-kartalar tizimini joriy qilish uchun texnik tomondan 3-4 oy talab etiladi. Bu haqda shu yilning boshida “Toshshahartransxizmat” AK boshqaruv raisi Otabek Sodiqov ma'lum qilgan edi.

Sodiqov bu tizimning asosiy afzalliklari orasida differentsiyalashgan to‘lov va to‘langan safarlar tahlilidan kelib chiqib yo‘nalish tarmog‘ini yanada optimallashtirish imkoniyatini aytdi.

Top