10:01 / 13.06.2015
3942

Namangan viloyatida 50ta yangi turistik xizmat ko‘rsatish obektlari foydalanishga topshiriladi

Keyingi to‘rt yil ichida Namangan shahrida 5ta, Chust va Popda bittadan yangi mehmonxona ishga tushiriladi.

“O‘zbekturizm” MKning Namangan viloyati bo‘yicha vakili Hoshimjon G‘aybullayevning aytishicha, hozirda Namangan viloyatida shunday obektlardan yana bir nechtasi qurilmoqda. Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Uchkqo‘rg‘on va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida yangi mehmonxonalarni barpo etish uchun loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash ishlari yakuniy bosqichida turibdi. Yaqin orada hammasi bo‘lib 50ta yangi turistik xizmat ko‘rsatish obekti ishga tushiriladi.

Viloyatning turistik salohiyatini oshirish bo‘yicha doimiy ravishda ishlar olib borilmoqda. Ommaviylashib borayotgan tibbiy yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Mahalliy sog‘lomlashtirish maskanlari xizmatlaridan foydalanuvchi xorijiy mehmonlar soni yuqori sur'atlar bilan oshmoqda. Bunday maskanlar orasida “Chortoq”, “Gulshan”, “Kosonsoy”, “Shaxand” va boshqalarni aytish mumkin.

Har yili sayyohlik yo‘nalishlarining geografiyasi ham kengayib bormoqda. Yangi manzillar orasida – Pop tumanidagi tog‘oldi Chodoq qishlog‘i ham bor. Bu yerning yoqimli tog‘ iqlimi, toza havosi avvallari ham sayyohlarni jalb qilgan edi. Hozirda esa hukumat tomonidan tasdiqlangan dastur tufayli bu yerda xordiq chiqarish industriyasining butun bir tarmog‘i paydo bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida bir qator dam olish zonalari, kempinglar, mehmonxonalar, sport inshootlari qurilishi olib borilmoqda.

Top