12:27 / 13.06.2015
1853

O‘zbekiston delegatsiyasi FAO rahbari bilan muzokaralar olib bordi

O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Konferentsiyasining Rimda bo‘lib o‘tgan 39-sessiyasi doirasida tashkilot bosh direktori Joze Grasianu da Silva bilan uchrashdi

Uchrashuv chog‘ida 2014 yilning iyunida FAOning Toshkentdagi vakolatxonasi ochilgani ikki tomonlama hamkorlikning muhim bo‘g‘ini bo‘lgani alohida qayd etildi. FAO bosh direktori vakolatxonaning to‘laqonli va samarali faoliyat yuritishi uchun O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rsatilayotgan e'tiborni yuksak baholadi.

O‘zbekistonda yaqinda FAOning chigirtkaga qarshi kurash, fitosanitariya nazorati va yer resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha to‘rtta subregional va hududiy loyihalariga qo‘shildi. Da Silva ushbu harakatlarni alohida qayd etib o‘tgan.

FAO rahbarining ma'lum qilishicha, tashkilot qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qurg‘oqchilikka moyil va sho‘rlangan hududlarda yerni barqaror boshqarish va cho‘l, tog‘ va vodiy hududlarida o‘rmon xo‘jaligidan barqaror foydalanish bo‘yicha O‘zbekistonni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Uchrashuv chog‘ida texnologiyalarni taqdim etish va imkoniyatlarni oshirish yo‘li bilan O‘zbekistonda oilaviy fermerlikni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari qayd etildi

Top