07:50 / 13.06.2015
7177

O‘zbekiston uchta yangi transport koridoridan foydalanishni boshlashni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston yaqin istiqbolda uchta yangi transport koridoridan foydalanishni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining transport ta'minoti boshqarmasi rahbari Davron Xo‘jayev ma'lum qildi.

“Birinchi koridor yangi Boku-Axalkalaki-Kars temiryo‘li bo‘yicha Yevropa davlatlariga qaratilgan. Yana bitta muhim yo‘nalish “Xorgos” logistik markazi orqali Xitoy va Janubi-sharqiy Osiyoga yo‘naladi. Uchinchi koridor esa Turkmaniston, Eron va Turkiyadan Turkiyaning Mersin porti orqali Yevropa davlatlari bo‘ylab o‘tadi”, deb aytdi Xo‘jayev.

Bugungi kunda O‘zbekistondan yuklar transportirovkasi 9ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi. O‘zbekiston hududidan Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Yevropa davlatlari, Kavkaz, Afg‘oniston, Pokiston, Eron, Turkiya va Xitoyga qaratilgan 20ga yaqin xalqaro transport yo‘nalishlari o‘tadi. O‘zbekistondagi magistral avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi 40 ming km, xalqaro ahamiyatdagi trassalar uzunligi esa 3 ming km.dan ko‘proqni tashkil qiladi.

2015-2019 yillarda temiryo‘l aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha 16ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 2,7 ming km.dan ko‘proq umumiy avtomobil yo‘llari, jumladan 1,8 ming km milliy avtomagistral qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bu davr mobaynida yo‘l-transport va muhandislik-aloqalari infratuzilmasining rivojlanishiga kiritiladigan moliyaviy quyilmalar 10 mlrd dollarga baholanmoqda.

Top