20:51 / 13.06.2015
3657

Soliq to‘lovchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda

Bugungi kunda Davlat soliq qo‘mitasi Markaziy bank bilan hamkorlikda soliq to‘lovchilarga yana bir yengillik yaratish bo‘yicha yangi loyihani ishga tushirish borasida ish olib bormoqda.  Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ma'lum qildi.

Tez kunlarda soliq to‘lovchi yuridik shaxslar internetdagi «Shaxsiy kabinet»lari orqali soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn shaklda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu loyiha soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ya'ni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni bank muassasalariga bormasdan, masofadan turib to‘lash imkoniyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida, ilg‘or xorijiy mamlakatlar soliq organlari tajribalariga tayangan holda ishlab chiqilgan.

Tizimning afzalligi shundaki, soliq to‘lovchilar soliq hisobotlarini tayyorlab, elektron shaklda jo‘natganidan so‘ng, hosil bo‘lgan soliq majburiyati summasini to‘lashga ixtiyoriy rozilik berishi bilan to‘lov topshiriqnomasi avtomatik ravishda shakllanib, soliq to‘lovchining hisob-raqamiga xizmat qiluvchi tijorat bankiga himoyalangan aloqa kanallari orqali yetkaziladi.

Agar hisob-raqamda pul mablag‘lari yetarli bo‘lsa, shu zahotiyoq to‘lov amalga oshirilib, soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkasiga qayd etiladi yoki to‘lov topshiriqnomasi 2-sonli kartotekaga olinib, bu haqda tadbirkorlik sub'yektiga elektron xabarnoma yuboriladi.

Ushbu tizimdan soliqlar bo‘yicha joriy to‘lovlarni to‘lashda ham foydalanish mumkin.

Yana bir muhim tomoni, ushbu tizim ishga tushirilishi bilan hozirgi kunda Soliq kodeksining 59-moddasi talabi buzilishi natijasida xo‘jalik sub'yektlarining mansabdor shaxslarining ma'muriy javobgarliklari ko‘rib chiqilishiga sabab bo‘layotgan holatlarning ham oldi olinadi.

Bugungi kunda ushbu tizim test-sinovlaridan o‘tkazilmoqda va joriy yilning iyul oyida to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Ushbu xizmatdan foydalanish bepul va 24 soat uzluksiz ishlaydi.

Top