07:27 / 16.06.2015
1900

102 yoshli fransuz velosiped bilan 1 soatda 27 km yo‘l bosib o‘tdi

Fransiyalik Rober Marshan 100 yoshdan kattalar orasida velosipedda tez yurish bo‘yicha o‘zining rekordini yangiladi. Bu haqda United Press International nashri xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, yangi rekord Parij yaqinidagi shaharchada o‘rnatildi. 102 yoshli velopoygachi bir soat ichida 27 km bosib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Sportchini qo‘llab-quvvatlash uchun 300 nafarga yaqin odam keldi. Marshanning aytishicha, poyga davomida u o‘zini yaxshi his qildi, biroq yo‘l oxirida charchashni boshlagan. Sportchi o‘zining bu natijasidan ko‘ngli to‘lmaganini qayd etgan.

Marshan velosport bilan proffesional darajada shug‘ullanuvchi 100 yoshdan katta bo‘lgan yagona inson hisoblanadi. Uning bu boradagi oldingi rekordi 2012 yilda qayd etilgan edi: u bir soat ichida 24,25 km bosib o‘tgandi.

Bundan tashqari, u velosipedda 100 km bosib o‘ta olgan 100 yoshdan katta yagona inson hisoblanadi. Bu masofani bosib o‘tish uchun unga 4 soat 17 daqiqa talab etilgan.

Rober Marshan 1911 yilning 26 noyabrida dunyoga kelgan. U bolaligidan professional velosipedchi bo‘lishni istagan, biroq katta sport unga nasib qilmagan. U yog‘och kesuvchi va haydovchi bo‘lib ishlagan va havaskorlik darajasidagi musobaqalarda ishtirok etib yurgan. Marshan velosiped sporti bilan professional darajada pensiyaga chiqqandan keyin shug‘ullanishni boshlagan.

Top