17:30 / 16.06.2015
7358

DNKni kashf qilgan olimga Alisher Usmonov tomonidan sotib olingan Nobel medalini qaytarib berishadi

1962 yili DNKning qo‘sh spiralini kashf qilgan amerikalik biolog Jyeyms Uotson ertaga Rossiya Fanlar Akademiyasi katta zalida ochiq ma'ruza o‘tkazadi. Akademiyaga tashrif davomida kim oshdi savdosi chog‘ida Uotsonga USM Holdings kompaniyasi asoschisi, rossiyalik tijoratchi Alisher Usmonov tomonidan sotib olingan Nobel medalini qaytarish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Fanlar Akademiyasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, marosimda ilmiy muassasa prezidenti Vladimir Fortov ishtirok etadi.
2014 yili Uotson o‘ziga tegishli medalni sotib, pullarning bir qismini ilmiy muassasalarga tarqatishga qaror qildi. O‘sha yilning dekabrida Christie's kim oshdi savdo uyida medal 4.8 mln dollarga Alisher Usmonov tomonidan xarid qilindi. O‘sha paytning o‘zidayoq Usmonov medalni egasiga qaytarish maqsadida sotib olganini aytib o‘tdi.

“Ko‘zga ko‘ringan olim o‘z muvaffaqiyatlari belgisi o‘laroq olgan medalning sotilishi chidab bo‘lmas holatdir. Jyeyms Uotson insoniyat tarixidagi eng buyuk biologlardan biridir, va uning DNK strukturasini kashf qilgani uchun olgan mukofoti o‘zida qolishi kerak”, – degandi o‘shanda Alisher Usmonov.
1962 yili Uotson hamkasblari Frensis Krik va Moris Uilkinslar bilan birgalikda fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan edi. Ular mukofotni DNK strukturasini ochganlari uchun olgan edilar.

Oxirgi yillarda Uotson o‘simta kasalliklariga qarshi samarador metodlar qidirish bilan band. Uning fikricha, fan bugungi kunda ushbu ohir xastalikni yengib o‘tishga qodir.

Top