07:18 / 16.06.2015
10689

Janna Friske 41 yoshi arafasida olamdan o‘tdi

Rossiyalik qo‘shiqchi Janna Friske uzoq davom etgan xastalikdan keyin, 40 yoshida yorug‘ dunyoni tark etdi. Bu ma'lumotni uning otasi Vladimir Friske tasdiqlagan.

RIA Novosti nashrining xabar berishicha, o‘tgan yilning yanvarida miya caratoni tashxisi qo‘yilgan xonanda 16 iyunga o‘tar kechasi vafot etdi.

"Ha. Shunday bo‘ldi", deydi marhumaning otasi Vladimir Borisovich.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yilning yanvarida Janna Friskening turmush o‘rtog‘i bo‘lmish teleboshlovchi Vladimir Shepelov rafiqasining og‘ir xastalikka chalingani haqida Birinchi kanal efiri orqali ma'lum qilgandi. Shundan keyin xonandaning muxlislari uning davolanishi uchun 68 mln rubl miqdorida mablag‘ yig‘ib berishgan, Friske bu pullarning bir qismini onkologik xastaliklarga chalingan bolalar uchun ajratgandi. Keyin esa uning o‘zi Nyu-York va Shanxaydagi kasalxonalarda davolangandi.

Ma'lumot uchun, Janna Friske 1996 yilda "Blestyashchiye" guruhi bilan chiqishlaridan keyin tanilgan, 2003 yildan boshlab yakkaxon xonanda sifatidagi faoliyatini boshlagandi. Friske "Tungi qorovul" ("Nochnoy dozor"), "Kunduzgi qorovul" ("Dnevniy dozor") va "Erkaklar nima haqida so‘zlashadi" ("O chem govoryat mujchiny") kabi filmlarda ham suratga tushgandi.

"Albatta hamma vafot etadi. Ammo bu juda erta o‘lim bo‘ldi. U mehribon, samimiy va kuchli ayol edi. Ey xudoyim, bu men uchun og‘ir judolik bo‘ldi. Janna, sen u yerda baxtli bo‘lishingga ishonchim komil. Ya'ni, sening baxtli yo‘ling davom etadi", deya o‘z tvitterida yozib qoldiradi Maksim Fadeyev.

Top