08:20 / 18.06.2015
1969

Chili sudi mast holda yo‘l-transport hodisasi qayd etgan Vidalni ozod etdi

Chili sudi 17 iyun kuni Ferrari avtomobilida mast holatda yo‘l-transport hodisasiga uchragan Turinning “Yuventus” jamoasi futbolchisi Arturo Vidalni ozod etdi. Bu haqda italiyalik jurnalist Tankredi Palmeri o‘zining Twitter`dagi sahifasida ma'lum qildi.

Sud Chili terma jamoasi yarimhimoyachisi Vidalni 120 kunga haydovchilik guvohnomasidan mahrum etdi hamda uning zimmasiga har oy mamlakatning Milandagi konsulligiga tashrif buyurish majburiyatini qo‘ydi. Sportchi sud yig‘ilishida o‘z qilmishidan afsusdaligini, vovqeadan oldin kazinoda dam olib, ikki bokal kokteyl ichganini tan oldi. “Men butun Chili xalqidan uzr so‘rayman”, deb aytdi futbolchi.

Goal portalining ma'lumotlariga ko‘ra, Chili terma jamoasi bosh murabbiyi Xorxe Sampaoli yuz bergan ko‘ngilsiz voqeaga qaramay futbolchini Amerika Kubogi-2015 musobaqasida ishtirok etish uchun terma jamoa safida qoldirishga qaror qildi. “U xatoga yo‘l qo‘ydi, biroq men uni jamoadan chetlatishga jiddiy sabab ko‘rmayapman”, deb aytdi bosh murabbiy.

Eslatib o‘tamiz, 17 iyun kuni Vidal Chilining Santyago shahri yaqinida rafiqasi bilan avariyaga uchradi. Futbolchi va uning rafiqasiga hech narsa qilmagan. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyin futbolchi mast holatda bo‘lgani sabab hibsda ushlab turildi.

Top