11:50 / 19.06.2015
1726

Qirg‘izistondan 1.7 kg gashish olib kirgan namanganlik giyohvand 14 yilga qamaldi

Yangiqo‘rg‘onlik 1975 yil tug‘ilgan Sanjar Samatov giyohvand moddalar iste'mol qilish bilan birga, iste'moldan ortganini boshqalarga sotish bilan shug‘ullanib kelgan. U molni qo‘shni Qirg‘izistondagi sherigidan olardi.

“Huquq” gazetasida yozilishicha, bir safar qirg‘izistonlik sherik Yangiqo‘rg‘onning Iskovot qishlog‘iga 1 752.62 gr gashish moddasini tashlab ketgan. Samatov do‘sti Erkinning mashinasida qishloqqa borib, molni olgan va to‘lov sifatida 300 dollar qoldirib ketgan. Foydaning 30 foizini Erkin olishi kerak edi.
Do‘stlar uyga qaytayotgan chog‘da huquq-tartibot xodimlari tomonidan to‘xtatilib, qo‘lga olingan.

Sanjar Samatov sud qarori bilan 14 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Viloyat prokurori o‘rinbosari Uchqun Inoyatov bergan ma'lumotga qaraganda, jazoni o‘tash paytida uning giyohvandlik va alkogolizmdan davolanishi ta'minlanadi.

Top