19:20 / 20.06.2015
7362

Osiyoga tashrif buyurish uchun 10ta sabab

Albatta, aslida Osiyodagi go‘zal qadamjolar o‘ndan ortiq. Ro‘yxatimizdan yuzta punkt o‘rin olgan taqdirda ham, uni to‘liq, deb bo‘lmasdi. Chunki Osiyodagi durdonalarni hisoblab chiqish imkonsiz bo‘lib, har bir sayyoh ertami-kech bunga amin bo‘ladi. Quyidagi maqolani yozishdan ko‘zlangan maqsad esa ishtahangiz va qiziquvchanligingizgi oshirishdan iborat.

 

Tiger’s Nest Temple ibodatxonasi, Butan

Butandagi ko‘p sonli ibodatxonalar orasida aynan shunisi alohida diqqatga sazovordir. U 3 120 metr balandlikdagi qoya ustida barpo etilgan. Ibodatxonaning nomi “yo‘lbars uyasi” deb tarjima qilinadi, chunki afsonalarga ko‘ra, VIII asrda buddizmning buyuk ustozi Padmasambxava yo‘lbars ustida aynan shu toqqa kelgan. Bu joyni betakror ko‘rinishi va joylashuvi sababli ham kelib ko‘rish kerak.

 

Siyemreap, Kambodja

Bugungi kunda Siyemreap Angkor-Vat qadimiy ibodatxona yaqinida joylashganligi sababli Kambodjaning eng tez o‘sayotgan shahri hisoblanadi. Bu IX asrdan XV asrgacha gullab-yashnagan kxemerlar imperiyasi poytaxtining qoldiqlaridir. O‘sha paytda bu yerda bir milliondan ortiq kishi yashagan, sputnik foto suratlari yordamida olib borilgan zamonaviy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Angkor dunyodagi yirik sanoatlashgan shahar bo‘lgan.

 

Bokeo milliy qo‘riqxonasi, Laos

Bokeo vodiysi, Laosdagi mazkur qo‘riqxona gibbonlarning noyob turini saqlab qolish maqsadida yaratilgan. Bu yerda odatda inson nazaridan yiroqda bo‘lgan yovvoyi tabiat va hayvonlarni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Buning uchun esa yerdan ancha yuqorida joylashgan maxsus kulbalardan foydalanish mumkin.

 

Buxta Xalong, Vetnam

Tabiatning mo‘'jizakor go‘shasi, u betakror mahalliy flora va faunasi tufayli YuNeSKOning Butunjahon meroslari ro‘yxatiga kiritilgan. 3 000 dan ortiq orol, tepalik, shuningdek g‘orlarga ega. Mazkur go‘shada 1 600 ga yaqin odam rang-barang suzuvchi qishloqlarda istiqomat qiladi. Tabiat va makonning go‘zalligi kishida takrorlanmas taassurot uyg‘otadi.

 

Danxia Landform ning rang-barang tog‘lari, Xitoy

Tabiatdagi geologik fenomenlarning eng betakrorlaridan biri sanaladi. Olimlarning fikriga ko‘ra, bu millionlab yillar davomida yuz bergan yer qatlamining harakati, shamol va yemirilish sababli yuzaga kelgan. Rang-barang “qatlamali pirog”dan tashqari mahalliy g‘or, vodiy va tepaliklardan tashkil topgan manzara ham kishini lol qoldiradi.

 

Kamalakli qishloq, Tayvan

Bor-yo‘g‘i bir necha yil muqaddam Taychun qishlog‘i dunyodagi eng ko‘rimsiz joy edi. Aholisi ketib qolgani sababli hukumat vakillari eski kulbalarni surib tashlash istagida edilar. Biroq mahalliy qariya (o‘sha paytda 86 yoshda edi) bunga qarshilik qildi, qishlog‘iga qayta hayot bag‘ishlash niyatida ko‘chalarni yorqin ranglar bilan bo‘yashga kirishdi. Xuan Yun Fu ijodi natijasida uning betakror iste'dodi namoyon bo‘ldi va faoliyati tezkorlik bilan mashhurlikka erisha boshladi. Kamalak buva o‘z niyatiga erishdi, qishloq nafaqat saqlanib qoldi, balki butun dunyodan sayyohlar tashrif buyuradigan joyga aylandi.

 

Pagoda Shvedagon, Myanma

Mazkur ulkan makon Myanmaning diniy hayotida markaziy qismga aylangan. Shvedagon boshqa qadimiy qarorgohlarga qaraganda yemirilish va buzilishlar qurboni bo‘lmagan, shuning uchun uni ilk davridagi holatini kuzatishimiz mumkin. Tashqi tarafdan bezatish uchun hammasi bo‘lib 13 153 ta oltin plitka ishlatilgan, uning nayzasimon uchi esa oltin shar va 4 351 ta olmos va qimmatbaho tosh bilan bezatilgan. Sharqona badavlatlik ana shunaqa ko‘rinishda bo‘ladi!

 

Banaue, Filippin

Guruch ekilgan dalalar, takrorlanuvchi tog‘ qoyalari bundan 2 ming yil muqaddam barpo etilgan. 1995 yilda YuNeSKOning Butunjahon meroslari ro‘yxatiga kiritilgan. Qishloq xo‘jaligining ulkan loyihasi mashina va ayyor mexanizmlar mavjud bo‘lmagan davrlardayoq hayotga tatbiq etilgan. Mahalliy aholi tog‘lar natijasida paydo bo‘lgan ochiq joylarni vodiydan keltirilgan tuproq bilan to‘ldiribgina qolmay, daryo suvi dalaga kelib tushadigan ajoyib sug‘orish tizimini ham o‘ylab topishdi. Inson mehnatsevarligi va qat'iyatligiga qo‘yilgan haqiqiy yodgorlik!

 

Gonkong, Xitoy

Agar sizga bir soniyaga bo‘lsada Osiyo faqat o‘tmishga muhrlangan yodgorlik va ibodatxonalar makoni, degan fikr kelsa, u holda Gonkongga tashrif buyuring. Ba'zida bu shaharni Osiyo Nyu-Yorki deb ham ataydilar. Bunda ham muayyan ma'no bor: ular o‘z quvvati, osmono‘par binolari, tungi hayoti va madaniyatining yovvoyi qorishmasi bilan bir-biriga o‘xshab ketadi. Yana uni kelajak shahri deb ham atashadi, bu yerda nafaqat makon, balki vaqt bo‘ylab ham sayohat qilish imkoniyati mavjud.

 

Buyuk Xitoy devori, Xitoy

Albatta, bu ulkan qurilmani suratlarda ko‘rganmiz va tarix fanida o‘tilgan bir necha faktlar hamon yodimizda. Biroq buyuk obekt haqida darsliklardan ma'lumot olish boshqa narsa, uni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, taassurotlar olamiga g‘arq bo‘lish yana bir boshqacha. Mazkur mudofaa qurilmasini qurish uchun qanchadan qancha mashaqqat, vositalar va inson hayoti sarflanganini tasavvurga sig‘dirish mushkul.

Aytingchi, siz Osiyodagi qaysi qadamjolarni ko‘rishga arzigulik makonlar, deb hisoblaysiz?

Top