23:08 / 21.06.2015
2185

Navoiyda odamlardan qariyb 23 mln so‘m olgan firibgar 5.5 yilga qamaldi

Zarafshon shahri sudi 30 yoshli Shuhrat Boyto‘rayev 5.5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Aytilishicha, u turli shaxslardan 22 mln so‘mdan ortiq pul undirib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. Jumladan, tadbirkor Marg‘uba Nuriyevadan “Avtomobillarga metan moslamasi o‘rnatadigan ustaxona ochamiz” degan bahona bilan 13 mln so‘m olgan. Boshqa tadbirkor – Botir Jovliyevdan esa 3 mln so‘mlik kompyuter jamlanmasi, 1.5 mln so‘mlik televizor va 400 ming so‘mlik telefon olgan.
Bundan tashqari, Munisa Sa'diyevadan jami 4.4 mln so‘mlik televizorlar va boshqa elektron uskunalarni olib ketgan.
Pullarini qaytarib ololmagan tadbirkorlar shahar prokuraturasiga murojaat qilgan. Buning natijasida qallob qo‘lga olinib, sud oldida javob bergan.

Top