05:57 / 22.06.2015
1948

Toshkentda qo‘shni ofisdagi qurilish mollarini o‘g‘irlagan ishchilar qo‘lga olindi

Toshkentning Shayxontohur tumani prokurori yordamchisi Feruza Adilqoriyevaning ma'lumot berishicha, firmaning tomi orqali bino ichiga tushib, qurilish mollarini o‘g‘irlagan Azamat Bakirov va Kozim Murodov sud oldida javob bergan.

Ma'lum bo‘lishicha, kunlardan bir kuni Bakirov o‘zi ishlaydigan firmaning tomiga chiqqanida qo‘shni firmasidagi tom eshigi ochiq qolganini ko‘rdi. U tanishi Murodov bilan ikki oy davomida reja tuzib, nihoyat shu eshik orqali binoga kirdi va u yerdan 26 profil oyna, eshik qulflari, 13 eshik, yoritkich va 11 quti alyuminiy profilini olib chiqib ketdi. Bu bilan u firmaga 4 mln 800 ming so‘m zarar keltirdi.

Boshqa safar sheriklar binodan yana 2 mln so‘mlik qurilish mollari olib chiqib, qulay vaziyat bo‘lganda olib ketish uchun o‘z firmasining tomiga joylashtirib qo‘ydi. Ammo qish boshlanib, yog‘ingarchilik avjiga chiqqanligi sababli qo‘shni ofisning boshlig‘i yollanma usta olib kelib, tomdan chakki o‘tishini bartaraf qilishni topshirdi. Shunda qurilish mollariga ehtiyoj sezilib, ular qidirildi. Tekshirilganda ular qo‘shni bino tomiga o‘tib qolgani aniqlandi. Firma rahbari darhol bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berdi.
Jinoyatchilar o‘zlari keltirgan moddiy zararni qoplab berdi.

Top