15:53 / 23.06.2015
4046

Koreya o‘zbekistonlik ishchilarni jalb qilishdan manfaatdor

22 iyun kuni O‘zbekiston mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligida Koreya delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati tarqatgan xabarnomadan ma'lum bo‘ldi.
Aytilishicha, delegatsiyaga Koreya hisob palatasi komissari Chin Yeng Gon rahbarlik qilgan. Uchrashuv davomida ikki tomonlama aloqalar, mehnat bozori istiqbollari borasida fikr almashilgan.

Jumladan, Ching Yeng Gon ayni paytda Koreya o‘z korxonalariga 16 davlat mutaxassislarini jalb qilayotganini va bu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga asosiy ahamiyat qaratayotganini ma'lum qildi. Aynan shu tufayli Koreya O‘zbekistonda texnik ta'limni rivojlantirishga ko‘maklashib kelmoqda va kelajakda bu ishni davom ettiradi.
O‘z navbatida, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. Abduhakimov o‘zbekistonlik ishchilar Koreyada ishlash bilan birga qimmatli tajriba to‘plab kelayotganini, bu esa mahalliy mutaxassislar sonini oshirishga ko‘maklashayotganini ta'kidlab o‘tdi.

2007 yili ikki davlatning tegishli vazirliklari o‘rtasida o‘zaro tushunish memorandumi imzolanganidan buyon Koreyaga O‘zbekistondan 22.5 ming nafar ishchi yuborilgan. Ayni paytda Koreyadagi o‘zbekistonlik ishchilar soni 15.1 ming kishini tashkil qiladi.

Top