18:16 / 24.06.2015
1961

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan qishloq joylarda aholini ish bilan ta'minlash masalasi ko‘rib chiqildi

22 iyun kuni O‘zbekiston mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligida Yevrokomissiyaning bandlik, ijtimoiy integratsiya va migratsiya bo‘linmasi rahbari o‘rinbosari Fransuas Milkam xonim boshchiligidagi YeI delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarnoma orqali ma'lum bo‘ldi.
Uchrashuv chog‘ida mehmonlar vazirlikning faoliyati bilan batafsil tanishtirildi. Jumladan, vazirlikning KOICA, JICA, PROON, UNICEF, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki singari xalqaro tashkilotlar bilan olib borilayotgan hamkorlik masalasi YeI vakillarida qiziqish uyg‘otdi.
Bundan tashqari, Milkam xonim “O‘zbekiston qishloq hududlarida aholini ish bilan ta'minlash ko‘nikmalarini oshirish” dasturini amalga oshirishni taklif qilib, uning tafsilotlarini yig‘ilganlarga bayon qildi. Ushbu loyiha hukumat tomonidan qishloq hududida mehnat samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni ijro etishga ko‘mak berishini alohida ta'kidlab o‘tdi.
Muzokara tomonlari ushbu loyihani hamkorlikda amalga oshirishga katta qiziqish bildirdi.

Top