15:08 / 24.06.2015
3377

Samvel Babayan O‘zbekiston terma jamoasini JCh-2018ga olib chiqishiga ishonishini aytdi

23 iyun kuni "Paxtakor" jamoasida bosh menejyer va bosh murabbiy hisoblangan Samvel Babayan Mirjalol Qosimov o‘rniga O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy sifatida tayinlanganidan keyin "Interfutbol" gazetasi jurnalisti ushbu mutaxassis bilan uchrashib, o‘z savollariga javoblar oldi.

U avvalo tabrik uchun rahmat aytadi va bu lavozim o‘zi uchun ham kutilmagan bo‘lganini bildiradi.

"Terma jamoalar murabbiylari Kengashida qilingan qaror va O‘FF prezidenti Mirabror Zufarovich Usmonovning ishonchi menga katta kuch bag‘ishladi. Shuning uchun ham bunday og‘ir vazifani o‘z zimmamga olishga jazm etdim. O‘ylaymanki, bu mas'uliyatli ishni menga ishonishgan ekan, bor imkoniyatimni ishga solishga harakat qilaman", deydi Babayan.

O‘FF bilan tuziladigan shartnoma muddati haqida so‘ralganida esa, u bu borada ish olib borilayotganini, shartnoma muddati esa ish jarayonida aniqlanishi yoki belgilangan vazifalarning bajarilishiga qarab shartnoma muddati o‘zgarib borishi mumkinligini aytadi va bu zamonaviy futbolning bir ko‘rinishi ekanini ta'kidlaydi.

"Avvalambor, jangovor ruhdagi milliy terma jamoamiz JCh-2018 (OK-2017) saralash guruhida birinchi o‘rinni egallashi lozim. Ikkinchidan bosh jamoamiz Rossiyada o‘tkaziladigan JCh final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi kerak. Olimpiya va yoshlar termalarmiz bosh jamoamizning kelajagi sifatida ularni doimiy tarzda kuzatib yoshlar borishim ham talab etilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda barcha termalar uzviy tarzda bog‘langan holda faoliyat ko‘rsatadi", deydi murabbiy o‘z oldiga qo‘yilgan vazifa haqida gapirib.

Babayan terma jamoa bilan 2018 yilgi mundialga borishiga ishonishini ma'lum qilgan va terma jamoada mahoratli va tajribali futbolchilar jamlanishganini e'tirof etib, Ahmedov, Denisov, Haydarov, Ismoilov, Sergeyev kabilar nomini alohida qayd etgan.

"Ular atrofidagi ajoyib hujumkor jamoa o‘yinini takomillashtirib borsak bo‘lgani. Albatta bu borada menga barcha terma jamoalar murabbiylari, Oliy liga klublarining ustozlari, xullas futbol jamoatchiligi yaqindan ko‘mak berishadi deb o‘ylayman. Barcha hamkasblariimning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda ish yuritsak albatta maqsadga erishamiz. Shuningdek, siz jurnalistlar ham bu borada menga yordam berishingizni iltimos qilib qolaman. O‘rinli tanqid har doim ham foydali hisoblanadi va men buni to‘g‘ri, samimiy qabul qilaman hamda bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishga intilaman. Lekin o‘rinsiz tanqidlar har doim ham, har qanday kishini ruhan va jismonan holdan toydiradi", deydi u.

Shuningdek u hozircha yangi murabbiylar shtabi to‘liq shakllantirilmaganini, yagona yordamchisi sifatida Ravshan Haydarov tasdiqdan o‘tgani, yaqin kunlarda terma jamoa rahbariyatining tarkibi ommaga e'lon qilinishini bildirgan.

Shuningdek, u «Paxtakor» jamosining keyingi holati haqidagi savolga javob berib, Oliy liganing birinchi davrasi oxirigacha «Paxtakor»da yangi bosh murabbiy ish boshlashini ma'lum qilgan.

Top