08:25 / 25.06.2015
2621

Lexus kompaniyasi uchar doska – xoverbord yaratishi haqida e'lon qildi

Lexus kompaniyasi magnit levitatsiyasi asosida uchar doska – xoverbord yaratishini e'lon qildi. Bu haqda kompaniya YouTube`da joylashtirilgan videoroligida aytib o‘tdi.

Videoda oddiy skeytbordda uchayotgan erkak tasvirlangan, so‘ngra kadrda yo‘l ustida muallaq turgan uchar doska paydo bo‘ladi. Rolik erkak oyog‘ini uchar doskaga qo‘yishi sahnasi bilan yakunlangan. Biroq videoda erkak bu doskada uchishga muvaffaq bo‘lgan-bo‘lmagani ko‘rsatilmagan. Videoga havola etilgan yozuvlarda kompaniya “Kelajakka qaytish” filmidagi kabi xoverbordning analogini yaratgani ta'kidlanmoqda.

Kompaniya saytida doska o‘ta yuqori o‘tkazgichlar tomonidan ta'minlanadigan magnit levitatsiyasi effekti hisobiga ishlashi aytilmoqda. Videoda doska tagidan bug‘lar chiqayotgani aks etgan, ehtimol bu bug‘lar ba'zi turdagi materiallarda o‘ta yuqori o‘tkazuvchanlik effektini paydo qilish uchun ishlatiladigan suyuq azot bug‘lari bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Xoverbord ustida odam turgan holda magnit levitatsiyasini yaratish uchun bir narsani hal qilish kerak bo‘ladi. Doska odamni ko‘tarishi uchun o‘ta yuqori o‘tkazgich magnit maydoniga joylashtirilishi talab etiladi. O‘ta yuqori o‘tkazgich odam vaznini ko‘tara olishi uchun magnit maydoni quvvatlanligi juda katta bo‘lishi kerak, biroq har bir material uchun o‘ta yuqori o‘tkazgich xususiyatlarini buzmaydigan maydonning chekli qiymati mavjud. Lexus bu ixtirosi tavsilotlarini keyinroq oshkor etishga va'da qilmoqda, biroq aniq muddatlarni aytmayapti.

Xoverbord yaratish g‘oyasi oxirgi yillarda juda ommalashib ketdi. Buni “Kelajakka qaytish” filmining 2-qismida bu uchar doskalar namoyish etilgan voqealar 2015 yilda ro‘y bergani bilan bog‘lash mumkin. Texnik taraqqiyot havaskor ixtirochilarga kuchli ixcham nasoslar yordamida xoverbordlarni yaratishga imkon berdi, biroq ular fantastik filmda ko‘rsatilgandek xususiyatlarga ega bo‘lishiga hali ancha bor.

Top