21:06 / 25.06.2015
1549

O‘zbekiston fuqarosi kostromalik uch farzandli ayolni o‘ldirgani uchun 8 yilga ozodliqdan mahrum etildi

Rossiyaning Kostroma shahri Dimitrov tuman sudi kostromalik 29 yoshli ayolga uning o‘limiga olib kelgan og‘ir tan jarohatlari yetkazganlikda ayblangan 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga jazo hukmini chiqardi.

Jinoiy ish materiallaridan ma'lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik yosh erkak Kostroma viloyatiga ishlagani kelib, bu yerda mahalliy ayol bilan tanishib, u bilan birga yashay boshlagan. Erkakning O‘zbekistonda rafiqasi va ikki farzandi bo‘lgan.

Bir o‘zi ikki qizini tarbiyalayotgan kostromalik ayol erkakni bajonidil qabul qilgan va unga vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishiga ko‘mak bergan. Tez orada ayol o‘zbekistonlikdan uchinchi farzandini tuqqan.

Erkak ayol bilan faqatgina birga yashagan bo‘lsada, gohida o‘zini uyning egasidek tutib, haq-huquqini talab qilib turishdan ham toymagan. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, 2014 yilning 7 noyabr kuni ayol ko‘chada o‘z dugonasini ko‘rib qolib, uyiga mehmonga taklif qilgan. Ayollar oshxonada o‘tirib, vino iste'mol qilishgan. Shu payt uning hamxonasi ishdan qaytib kelgan va ayollarning ichib o‘tirganini ko‘rib jahli chiqqan. Ayolning dugonasini haydab chiqargan va o‘z farzandining onasiga tashlanib, uning yuziga tarsaki urgan, jahl ustida itarib yuborganda ayol boshi bilan eshik chetiga urilgan. Bu barcha voqea ayolning bolalari ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan.

Janjal tunga yaqin tinchigan. Ayol boshi qattiq og‘riyotganidan shikoyat qilib uxlashga yotgan, erkak esa bunga ahamiyat bermagan. Ayol ertasi kuni emizikli farzandini emizayotganda o‘lib qolgan. Ayolning o‘limiga yopiq holdagi bosh miya-chanoq jarohati sabab bo‘lgan.

Sud o‘zbekistonlik muxojirni 8 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Top