10:44 / 25.06.2015
1901

Qozog‘istonga 21 kishini olib ketib, ularning orqasidan 34 ming dollar ishlagan firibgar 5 yilga qamalib ketdi

Qozog‘istonga odamlarni ishlashga olib borib, ulardan foydalangan va ularga tegishli pullarni o‘zlashtirib olgan Farhod Sobirov ustidan sud bo‘lib o‘tdi. Voqea tafsilotlari “Darakchi” gazetasida yoritildi.
Farhod Sobirov qishloqdoshlari ichida o‘zining chet elda tanishlari borligini aytib, ularni ham ishga joylashtirib qo‘ya olishini aytgach, ko‘plab yoshlar bu taklifga qiziqib qoldilar. Buning natijasida Sobirov 21 kishini to‘plab, Qozog‘istonga olib ketdi.
U yerda Sobirov barchaning pasportlarini olib qo‘yib, qurilish obektlari bo‘yicha taqsimlab chiqdi. To‘rt oy davomida ishchilar undan pul ololmadi.
Aka-uka Ro‘zivoy va Rixsivoylar to‘rt oydan so‘ng o‘z pasportlarini qaytarib olib, uylariga qaytib ketishdi. Ularning sarguzashtlarini eshitgan otasi Hamid aka darhol ichki ishlar boshqarmasiga bu haqda ma'lumot berdi. Natijada Farhod Sobirov qo‘lga olinib, sudga topshirildi.
Chet elga olib ketilgan barcha ishchilar qaytarildi. Sobirov jabrlanuvchilardan 34 ming dollar qarzini bo‘yniga oldi.
Jinoyatchiga 5 yillik qamoq jazosi tayinlandi.

Top