10:16 / 25.06.2015
3295

Saakashvili AQShda o‘ziga 200 ming dollarlik maosh berilganini aytdi

Ukrainaning Odessa viloyatiga gubernator etib tayinlangan Mixail Saakashvili feysbukdagi sahifasida o‘ziga AQSh tomonidan Ukrainaga kelgunicha qancha miqdorda maosh to‘langani haqida yozdi.

"Agar kimga qiziq bo‘lsa, aytishim mumkinki, men AQShda deyarli 200 ming dollar miqdoridagi maosh olar edim. Bundan tashqari, universitetlarda ma'ruza qilganim va o‘z chiqishlarim uchun qo‘shimcha daromadim bo‘lardi", deb yozadi Saakashvili.

Uning qayd etishicha, o‘zi va tarafdorlari pulga qiziqishmaydi, xizmat mas'uliyati birinchi o‘rinda turadi.

"O‘z safimizga yangi odamlarni jalb qilish uchun kerakli mablag‘larni sarflardim", deb qo‘shimcha qiladi Gruziyaning sobiq prezidenti.

Ma'lum qilinishicha, Saakashvili AQShdagi Huquq maktabi va Fletcher nomidagi Tafts Universitetida ma'ruzalar o‘qigan.

Biroz oldinroq, Saakashvilining Odessa gubernatori sifatidagi maoshi 5644 grivna (270 dollar)ni tashkil etishi ma'lum qilingandi. 

Top