14:54 / 26.06.2015
3994

Ilk to‘liq rangli egiluvchan displey yaratildi

Professor Debashis Chanda boshchiligidagi Markaziy Florida universiteti olimlari jamoasi dunyodagi ilk egiluvchan yupqa plyonkali displey konsepsiyasini yaratishdi.

Qurilma ranglarning to‘liq spektrini aks ettirib, istalgan maqsadlarda, misol uchun askarlarning kamuflyaji ko‘rinishini o‘zgartirishda ishlatilishi mumkin.

Olimlar o‘z ishlanmalarini tabiatdan ilhomlanib yaratganlarini aytishmoqda. Gap shundaki, inson uchun odatiy bo‘lgan smartfon yoki televizor displeylari yorug‘lik manbai, filtrlar va oynavand plastinalarning ishlashini talab qiladi. Biroq jonzotlar, misol uchun buqalamun (xameleon), sakkizoyoq va kalmarlar tabiiy “displey” bilan dunyoga keladi: ularning yupqa egiluvchan terisi yorug‘likni akslantira oladi.

“Insoniyat tomonidan yaratilgan LCD, LED, CRT displeylari qattiq, mo‘rt va kattadir. Tabiat esa ancha aqlliroq. Agar kalmarlarni olib qaraydigan bo‘lsak, ular o‘zlarining egiluvchan va cho‘ziluvchan terilari ranglarini o‘zgartirishlarini ko‘rishimiz mumkin. Biz odamzod shunday narsa yarata olishini tekshirib ko‘rishga qaror qildik”, deb aytmoqda Chanda.

Nano o‘lchamdagi strukturalardan tashkil topgan yupqa plyonkali egiluvchan displey elektr kuchlanishi ta'sirida o‘z rangini o‘zgartirishi mumkin. Bunda qurilmaning o‘zining shaxsiy yorug‘lik manbai mavjud emas. Aniqrog‘i, u atrof-muhitdagi ranglarni akslantiradi.

Olimlar yupqa suyuq qristalli qatlamni tuxumlarga mo‘ljallangan karton korobkaga o‘xshash shakldagi metall nanostrukturaga joylashtirdilar. Bu tizim yorug‘likning ba'zi uzunlikdagi to‘lqinlarini yutib, ba'zilarini akslantiradi. Akslanuvchi yorug‘likni suyuk kristalli qatlamga kuchlanish berish bilan boshqarsa bo‘ladi. Suyuq kristall molekulalari va nanostrukturaning metall sirtidagi plazmon to‘lqinlar qutblangan-mustaqil to‘liq rangli sozlanuvchan displeyni yaratishga imkon berdi.
Chanda va uning hamkasblari o‘zlarining ixtirolarining asosiy yutug‘i deb uning barcha ranglarni akslantira olishini aytishmoqda. Gap shundaki, avvalgi shunga o‘xshash displeylar faqatgina juda cheklangan miqdordagi ranglarni akslantira olgan. Endi bo‘lsa kelajak kiyimi barmoqni bitta shaqillatish bilan mustaqil ravishda rangini o‘zgartira olishi mumkin bo‘ladi, harbiylar esa kiyimlaridan samaraliroq foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Top