11:04 / 26.06.2015
5061

Xitoy AQShda inson huquqlari buzilishi haqida javob hisoboti e'lon qildi

Xitoy AQShda inson huquqlari buzilishi to‘g‘risida hisobot e'lon qildi. Ilgariroq AQSh Davlat departamenti dunyoda inson huquqlarining buzilishi haqidagi yillik hisobotni e'lon qilgan edi. RIA Novosti agentligining ma'lum qilishicha, Xitoyning hisoboti ushbu hujjatga javob tarzida ishlab chiqilgan.

AQSh tayyorlagan hisobotda XXRda inson huquqlarining buzilayotgani, so‘z va matbuot erkinligining yo‘qligi, odamlarning harakatlari cheklanayotgani, internetning nazorat qilinayotgani, mahbuslar qiynoqqa solinishi aytib o‘tilgan.

Bunga javoban XXR Davlat kengashi matbuot bo‘limi “2014 yilda AQShda inson huquqlarining buzilishi” hisoboti e'lon qilindi. Hujjatning to‘liq matni Sinxua agentligi tomonidan chop etildi.

“25 iyun kuni AQSh Davlat departamenti boshqa davlatlarda inson huquqlarining buzilishi borasida hisobot e'lon qildi, ammo o‘zida inson huquqlari buzilishining qo‘rqinchli statistikasi borasida afsuslanishi yoki vaziyatni to‘g‘irlashga intilishini ko‘rsatmadi ham”, – deyiladi hujjat debochasida.

Hisobotda turli faktlar keltirilib, “O‘zboshimchalik bilan o‘zini inson huquqlari himoyachisi deb e'lon qilgan AQShda 2014 yili inson huquqlari bilan bog‘liq muammolarda hech qanday yaxshilanish sodir bo‘lmagan”, degan xulosa beriladi.

Hujjatda AQSh hududida o‘qotar qurolning keng tarqalgani, politsiyaning vakolatidan tashqari harakat qilishi va buning natijasida odamlarning halok bo‘lishi, irqiy kamsitish muammolarining borligi, markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan qiynoqlarning qo‘llanilishi sanab o‘tilgan.

Top