12:45 / 27.06.2015
4931

Nyu-York va San-Frantsiskoda BMT Nizomi imzolanganining 70 yilligi nishonlandi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘z Nizomi – zamonaviy xalqaro munosabatlarga asos bo‘ladigan hujjatning imzolanganining 70 yilligini nishonladi.

Ushbu munosabat bilan tantanali tadbirlar 26 iyunda bir vaqtning o‘zida BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi va 1945 yil 26 iyunda ushbu nizom 50ta davlat, jumladan, Sobiq Ittifoq, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh, Ukraina va Fransiya tomonidan imzolangan San-Frantsisko shahrida bo‘lib o‘tdi.

San-Frantsiskoda BMT Bosh kotibi Pan Gi Munga shahar kaliti topshirildi, Manxettenda esa uning birinchi o‘rinbosari Yan Eliasson tashkilotning 6ta rasmiy tili – ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillarida chop etilgan Nizomning yubiley nashrini taqdim qildi.

Ushbu muhim sana munosabati bilan BMT timsoli va Nizomdan keltirgan bir parcha yozuv Nyu-Yorkdagi Tayms-skver maydonida yoqildi. AQShlik mashhur aktyor Maykl Duglas Nizomning “Biz, Birlashgan Millatlar xalqlari, keyingi avlodlarimizni urush fojyealaridan xalos etish uchun qat'iyatlik bilan to‘lib-toshmoqdamiz...” deb mashhur so‘zlar bilan boshlanadigan muqaddimasini o‘qib eshittirdi.

2007 yil 1 yanvardan BMT Bosh kotibi lavozimin egallab kelayotgan Pan Gi Mun dunyo davlatlarini butunhajon tashkiloti asoschilari tomonidan Nizomda belgilangan g‘oyalarga xiyonat qilmaslikka chaqirdi.

Pan Gi Mun hozirda tashkilot bardoshlilik sinovidan o‘tayotganini aytdi. “Hozirda Ikkinchi jahon urushi zamonlaridan beri ilk bor bunday katta miqdordagi odamlar qurolli to‘qnashuvlar sababli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lmoqda. Dunyo o‘zaro chambarchas bog‘langan hozirgi paytda adovat kuchlari bostirmoqda. Butun sayyoraning o‘zi xavf ostida qolmoqda”, deb aytdi BMT Bosh kotibi.

San-Frantsiskodagi tantanali marosimda shahar meri Edvin Li, Kaliforniya shtati gubernatori Jyerri Braun hamda AQSh Demokratik partiyasi yetakchisi Nensi Pelosi ishtirok etdi.

1945 yilning 24 oktabrida kuchga kirgan BMT Nizomida tashkilotning tuzilmasi, mojarolarni hal qilish va tajovvuzkor harakatlar, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga javob berishning asosiy tamoyillari belgilangan.

Top