19:31 / 27.06.2015
17797

Zamonamizning 10 nafar yosh dahosi

Inson umri davomida hamisha komillikka intilib yashaydi. Kimlardir sanoqli o‘n yillik o‘tiboq ilmiy cho‘qqilarni zabt etsa, yana kimlardir o‘z kasbining eng mohir ustasi bo‘ladi.Ba'zilar ancha yillar sarflangachgina o‘z o‘rnini topishadi, asosiy qobiliyatini anglab yetishadi.

Biz sizga quyida tanishtirmoqchi bo‘lgan 10 nafar yosh iqtidor egasi ham hali o‘zlarining erta yoshidayoq katta omadga erisha olishgan.


1. Mikaela Fudolig

Mikaela Iren Fudolig 11 yoshidayoq Filippin universiteti talabasiga aylangan. 16 yoshida bo‘lsa o‘qishni o‘ziga xos tarzda, bakalavr bosqichida fizika fanlari nomzodligini olib yakunladi. Aynan unga bitiruv nutqini o‘qish ishonib topshirildi. Hozirda u o‘zi bitirgan universitetda professor bo‘lib faoliyat yuritmoqda va fizikaning turli bo‘limlaridagi iqtisodiy jarayonlarni tadqiq qiluvchi ekonofizika bilan jiddiy shug‘ullanmoqda.

 

2. Akrit Yasval

Hindistonlik Akrit Pran Yasval 7 yoshida jarrohlik operatsiyasini o‘tkazib, millionlab insonlarni hayratga soldi. Operatsiya paytida u hali doktor bo‘lmagan bo‘lsa-da, kichik doiralarda u tibbiyot dahosi sifatida tan olinib ulgurgan edi. Akritning 8 yoshli do‘sti kuyishdan qattiq jarohat olgan payt, u do‘stining barmoqlarini ajratib olgan.

12 yoshida Akran muvaffaqiyatli tarzda tibbiyot universitetiga o‘qishga qabul qilindi. Biroq u 17 yoshidayoq amaliy kimyo bo‘yicha magistr unvonini oldi. Ayni paytda Akrit Yasval saratonga qarshi dorilar yaratish bilan shug‘ullanmoqda.

 

3. Teylor Uilson

Teylor Ramon Uilson — eng yosh kashfiyotchi. U 10 yoshida yadro bombasining loyihasini tuzdi, 14 yoshida esa fuzor – termoyadroviy sintez ta'siri uchun mo‘ljallangan qurilmani yasadi. Teylor o‘tish nurlanishi detektorini yaratgani uchun 2011 yil mayida o‘tkazilgan Intel Xalqaro ilmiy-texnikaviy yarmarkasida yirik mukofotga sazovor bo‘ldi.

2013 yilning fevralidagi konferensiyasida u o‘zining avtonom yerosti yadro reaktorlari bo‘linishi bilan bog‘liq yangi g‘oyalari haqida ma'ruza o‘qidi. Teylor Uilson 500MBt elektrkuchini ishlab chiqarishga qodir bo‘lgan, shuningdek, bor yo‘g‘i 30 yilda bir marta quvvatlanishni talab qiluvchi kompakt yadro reaktori loyihasini ham yaratgan.

 

4. Kameron Tompson

Kameron Tompson — Shimoliy uelslik matematika dahosi. U 4 yoshida nolni eng kichik son deya ta'riflayotgan o‘qituvchisini tuzatib, unga hali manfiy sonlar ham borligini eslatib qo‘ygan. 11 yoshida Buyuk Britaniya ochiq universitetida matematika bo‘yicha bosqichni olgan. O‘sha damda Kameron matematikaga ixtisoslashgan maktabning ikkita bitiruv imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirdi. Va u BBC kanali orqali zamonamizning yosh daholaridan biri sifatida nomoyish qilindi. Ming afsuslar bo‘lsinki, bolakayga ilm bilan faol shug‘ullanishida asperger kasalligi halaqit beradi. Ammo shunga qaramay, uni sayyoramizning eng iqtidorli bolalari qatorida sanay olamiz.

 

5. Jyeykob Barnett

Jyeykob Barnett — amerikalik matematik. 2 yoshida unga chuqur autizm kasalligi bilan tashxis qo‘yishdi. Doktorlar uni hech qachon gapirolmaydi, va umuman ijtimoiy hayotga qo‘shilib keta olmaydi deyishdi. Lekin 3 yoshida Jyeykob alifboni to‘g‘ri va teskari tartibda bemalol o‘qiy olardi. Doktorlar adashgan edilar! Planetariyga sayohatga borishganda Barnett yetakchining nega Marsning yo‘ldoshlari bunday noodatiy shaklga ega ekanligi haqidagi savoliga birinchi bo‘lib javob qaytargan.

Bolakay 10 yoshida Indianapolisdagi Indiana Universitetiga o‘qishga kirdi. Doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib borayotgan Jyeykob kuni kelib Eynshteynning nisbiylik nazariyasining noto‘g‘ri ekanligini isbotlay olishi to‘g‘risida xabar berdi. Hozir u kvant fizikasiga bag‘ishlangan dissertatsiyani qoralamoqda.

 

6. Mark Tyan Boedixarjo

Gonkonglik Mark Tyan Boedixarjo Gonkong universitetining eng yosh talabasi hisoblanadi. U oliygohga 9 yoshda kirishni uddalagan. Mark o‘ziga xos o‘quv dasturi bo‘yicha ta'lim olgan. U o‘zining asosiy fanlari bo‘lgan matematika hamda statistikani o‘qish bilan birga maktabda sakkizta bitiruv imtihonlarini ham topshirgan.

Ayni paytda Markda ikkita diplom mavjud. Ular matematika bo‘yicha bakalavr va matematika falsafasidan magistr unvoni. Magistrlik unvoni unga belgilangan o‘quv dasturidan bir yil oldin, 2011 yilda taqdim qilingan. Endilikda esa u AQShda matematika falsafasidan doktorlik bosqichida ta'lim olmoqda.

 

7. Priyanshi Somani

Hindistonlik Priyanshi Somani — miyasida murakkab matematik amallarni yecha oladigan noyob qizaloq. 6 yoshidayoq amallarni og‘zaki bajara olardi, 11 yoshida esa 16 mamlakatdan kelgan 36 ta ishtirokchi qatnashgan Mental Calculation World Cupmusobaqasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.  O‘shanda Priyanshi oltita o‘nlik sondan iborat kvadrat ildizni rekord vaqt, 6 daqiqayu 51 soniya ichida bajara oldi. Bundan tashqari u musobaqa tarixida biror marta xatoga yo‘l qo‘ymagan yagona ishtirokchi sanaladi.

Priyanshi 2012 yilning yanvarida yana bir bor kvadrat ildizini chiqarish bo‘yicha jahon rekordchisiga aylandi. Bu safar unga bor yo‘g‘i 2 daqiqayu 43 soniya vaqt kerak bo‘ldi xolos.

 

8. Akim Kamara

Akim Kamara — berlinlik jajji skripkachi. Bolakay skripka chalishni 2 yoshidan boshlagan. Uning xotirasi kishini hayratga soladi. U hatto yo‘rgakligida payti eshitgan musiqalarini eslay oladi. Uning musiqa o‘qituvchisi Akimning noyob qobiliyatini darrov anglab, unga haftasiga ikki marta musiqa darslarini bera boshladi. U 6 oy o‘tib skripkani bemalol chala boshladi. 2003 yilning dekabriga kelib, mashhur rojdestvo konsertida 3 yoshlik davrida ilk chiqishini amalga oshirdi.

 

9. Itan Bortnik

Itan Bortnik — iqtidorli musiqachi, bir qancha qo‘shiqlar muallifi va aktyor. 3 yoshida klavesin chalishni, 5 yoshida esa musiqalar bastalashni boshladi. Uning ilk chiqichi Jyey Leno bilan birgalikda 2007 yili The Tonight Showda bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng Itan sahnaga bir necha marta chiqishga muyassar bo‘ldi.

Bortnik sayyoramizning eng yosh yakkaxon ijrochisi sifatida Ginnes rekordlari” kitobiga kiritilgan. Shuningdek, u dunyodagi eng yosh xedlayner ham hisoblanadi. O‘sha payt Itan hali 10 yoshda edi.

 

10. Tanish Mettyu Avraam

Tanish Mettyu Avraam —  yuqoli intellekt koeffitsiyentiga ega insonlarning xalqaro notijoriy tashkiloti hisoblanadigan Mensaning eng yosh a'zosi. U 4 yoshligida ushbu tashkilot a'zoligiga kirgan. Uning kamyob iste'dodi hali 4 oyligidayoq, bolalar kitoblarini ko‘rib chiqib, ularning mazmuni haqida berilgan savollarga bergan aniq javoblari orqali namoyon bo‘lgan.

U Mensaga kirishda qilinadigan standart IQ testidan 99,9% natijani ko‘rsatgan. Tanish 5 yoshida Stendford universitetining ma'rifiy dasturi bo‘yicha iqtidorli yoshlar uchun mo‘ljallangan 5 ta matematika kursini 6 oyda tugatgan. 6 yoshida o‘rta maktabga, so‘ngra kollejga o‘qishga kirgan. Uning o‘rtacha ko‘rsatgichi hech qachon 4.0 dan pastga tushmagan. Tinib-tinchimas izlanuvchan Tanish NASAning Oy instituti veb saytida  tez-tez esselarini chop qilib turadi.

Manba: Xabardor.uz internet nashri

Top