07:08 / 29.06.2015
7228

"IShID"ning Kobani shahriga hujumi tufayli qurbon bo‘lgan kishilar soni 223 nafarga yetdi

"IShID" terrorchilik tashkiloti 25 iyun kuni Suriyaning Kobani shahriga qilgan hujumidan keyin halok bo‘lgan tinch aholi vakillari soni 223 kishiga yetdi.

Qurbonlar orasida o‘nlab ayollar va bolalar bor. Avvalroq 146 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani va 80 nafar jangari yo‘q qilingani ma'lum qilingandi.

"IShID" jangarilari o‘tgan yilning kuz faslidan beri birinchi marta suriyalik kurdlarning ma'muriy markazlaridan biri – Kobani shahrini bosib olishga harakat qildi. O‘shanda shahar 4 oy mobaynida qamalda qolgan, o‘n minglab aholi shaharni tark etishga majbur bo‘lgan edi.

Biroq kurdlarning o‘zini-o‘zi mudofaa qilish kuchlari Iroq kurdlari “Peshmerg” yordami bilan shaharni yovlar hujumidan saqlab qolib, yaqin atrofdagi qishloqlarni ozod qilish maqsadida qarshi hujumga o‘tgan edi.

"IShID" terrorchilik tashkiloti dunyo xavfsizligiga rahna solayotgan eng katta tahdidlardan biri hisoblanadi. Uch yil ichida jangarilar Iroq va Suriyaning katta qismini egallab oldi. Bundan tashqari, jangarilar o‘z ta'sirlarini Shimoliy Afrika, xususan Liviyaga o‘tkazishga harakat qilmoqda.

Turli ma'lumotlarga ko‘ra, "IShID" tomonidan nazorat qilinayotgan hududlar maydoni 90 ming kv km ga yetmoqda. Bu yerda terrorchilar o‘z qonun-qoidalari va hukumat organlariga ega “xalifalik davlati” tashkil etganlarini e'lon qilishgan. Hozirda tashkilot jangarilarining soni 50 mingdan 200 minggacha deb baholanmoqda.

Top