16:33 / 29.06.2015
3068

O‘zbekiston pillakorlari yillik shartnoma majburiyatini bajardi

O‘zbekiston pillakorlari 26 ming tonnadan ziyod pilla tayyorlab, yillik shartnoma majburiyatini ado etdi, deb yozmoqda O‘zA.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma'lum qilishlaricha, bu yil pillakorlarimiz «Ipakchi-1», «Ipakchi-2», «O‘zbekiston-5», «O‘zbekiston-6» kabi serhosil, iqlim sharoitimizga mos, kasalliklarga chidamli mahalliy navlardan iborat 454 ming 600 qutidan ziyod ipak qurti urug‘i parvarishlab, har qutidan o‘rtacha 57,6 kilogrammdan hosil oldi.

Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Farg‘ona, Namangan, Navoiy viloyatlari pillakorlari birinchilar qatorida pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy rejani oshirib bajardi. Kattaqo‘rg‘on, Kasbi, Jarqo‘rg‘on, Qorako‘l, Beshariq, Norin, Xatirchi tumanlarida har quti ipak qurtidan 60-67 kilogrammdan hosil olishga erishildi.

Yakkabog‘ tumanidagi «Hidoyatov Tog‘ay Hidoyatovich» fermer xo‘jaligida har quti urug‘dan 92, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Bekzod» fermer xo‘jaligida 74, Jondor tumanidagi «Sharif Qurbon» fermer xo‘jaligida 72, Furqat tumanidagi «Qudratullo» fermer xo‘jaligida 70, Jalaquduq tumanidagi «Zokirobod niyati» fermer xo‘jaligida 68, Paxtakor tumanidagi «No‘'mon ota» fermer xo‘jaligida 67 kilogrammgacha sifatli «kumush tola» olindi.

Joriy yilda «O‘zpaxtasanoat» uyushmasi tizimidagi paxta qabul qilish punktlari qoshida tashkil etilgan 196 ixtisoslashgan pillaxonada ham 22 ming 700 quti ipak qurti boqildi.

Ma'lumot o‘rnida ta'kidlab o‘tish joiz, bir tonna pilladan 350 kilogramm ipak, 20 ming metr adras, 13 ming metr atlas, o‘nlab boshqa turdagi mahsulot tayyorlash mumkin.

Top