08:29 / 29.06.2015
11788

Qozog‘iston prezidenti va Italiya bosh vaziri liftda qamalib qolishdi

Milanda bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston-Italiya biznes-forumi paytida Italiya bosh vaziri Matteo Rentsi va Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev liftda birga ketayotganlarida, lift to‘satdan to‘xtab qoldi va ular bir necha daqiqaga u yerda qamalib qolishdi. Bu haqda La Stampa nashri xabar bermoqda.

O‘t o‘chiruvchilarning tezkor harakatlari evaziga ular tez orada liftdan chiqarib olindi. O‘t o‘chiruvchilar bunda boltadan foydalanishlariga to‘g‘ri kelgan.

“Bu bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon to‘siqlardan biri bo‘ldi. Yordamga “Ekspo” zalida navbatchilik qilgan o‘t o‘chiruvchilar yetib kelishdi. Ular ushbu noxush holatni bolta yordamida hal qilishdi”, deb yozmoqda nashr.

Biroq bu vaziyat ikki davlat rahbarining kayfiyatlariga aslo ta'sir qilmadi. Ular bu holatga hazilomuz tarzda qarashdi, birozdan keyin Italiya bosh vaziri hattoki “Bizning Qozog‘iston bilan aloqalarimiz juda yaqin” deb hazillashib ham qo‘ydi.

Ta'kidlash joizki, ushbu voqea ikki yetakchi orasida 600 mln dollarlik 20 ta kelishuv imzolangandan biroz o‘tib sodir bo‘ldi.

Top