14:37 / 30.06.2015
13772

O‘zbekiston universitetlariga kvotalar e'lon qilindi

O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalariga kvotalar e'lon qilindi. Bu haqda batafsil axborot “Pravda Vostoka” gazetasida berildi.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti joriy yilda bakalavriatning 30 yo‘nalishi bo‘yicha 2 405 nafar talaba qabul qiladi. Menejment va marketing yo‘nalishlari yopildi, axborot va axborot texnologiyalari, neft va neft-gazni qayta ishlash texnologiyasi, energetika, texnologik mashinalar va uskunalar, elektr texnika, elektr mexanika va elektr texnologiyalar singari yo‘nalishlarga qabul soni kamaytirildi. Ammo oxirgi tilga olingan uch yo‘nalish, elektr energetikasi, geologiya, foydali qazilmalar konlarini topish va razvedka qilish yo‘nalishlari hozirgacha eng kvota ko‘p yo‘nalishlardan bo‘lib qolmoqda – ularga joriy yilda 130dan 250kacha o‘rin ajratilgan.
Bundan tashqari, universitetda to‘rtta yangi yo‘nalish ochilib, har biriga 20-25 talaba qabul qilinadi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti kvotalari 50 kishiga kamaydi. Universitetga joriy yilda 1 645 o‘rin ajratildi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ham nemis, fransuz, xitoy va yapon tillari ta'limi 45 o‘ringa qisqardi. 1 425 o‘rindan 1 200tasi (84 foiz) ingliz tili va adabiyoti yo‘nalishiga ajratildi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini ham qisqarishlar chetlab o‘tmadi. Kvotalar 35taga qisqarib, 1 390 o‘rinni tashkil qildi. Fizika, kimyo, biologiya va jurnalistika yo‘nalishlariga 70tadan, o‘zbek va ingliz filologiyalariga 65tadan o‘rin ajratildi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti esa, filiallari bilan birga hisoblaganda, 500taga ko‘proq talaba qabul qiladi, jami 2 515. Telekommunikatsion texnologiyalar va dasturiy injiniringga kvota 420 va 150 o‘ringa, kompyuter injiniringga kvota esa 400 o‘ringa ko‘paydi.

Umuman olganda, prezidentning 2015 yil 23 iyunidagi “2015/2016 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilda mamlakatdagi barcha OTMga o‘tgan yilgi bilan bir xil miqdorda talaba qabul qilinadi – 57 907, faqat bakalavriat yo‘nalishida. Magistraturaga 5 000 kishi qabul qilinadi. Bakalavr va magistrantlarning 31 foizi davlat grantlari asosida o‘qiydi, qolganlari esa shartnoma asosida qabul qilinadi.

Top