06:49 / 01.07.2015
7503

Sms-xabarlar ixtirochisi vafot etdi

Qisqa xabarlar (sms-xabarlar) texnologiyasini o‘ylab topgan finlyandliyalik muhandis Matti Makkonen uzoq davom etgan kasallikdan keyin 63 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Wired xabar bermoqda.

Matti Makkonen sms-xabar haqidagi g‘oyani birinchi marta 1984 yilda Kopengagenda o‘tgan anjumanda bildirib o‘tgan. 1985 yilda nemis tadqiqotchisi Fridxelm Xillebrand sms formatini o‘ylab topgan, unda har bir xabar uchun 160 tadan ko‘p bo‘lmagan belgi nazarda tutilgan. Qisqa xabarlarni jo‘natish tizimi 1992 yil dekabrda Buyuk Britaniyada sinovdan o‘tkazilgan. Ilk sms-xabarning matnida britan mobil operatori direktori Richard Jarvisga “Xayrli Rojdestvo!” degan tabrik so‘zlari yo‘llangan.

Ushbu ixtiro Makkonenga shon-shuhratdan boshqa hech narsa olib kelmadi: muhandis o‘z ixtirosini hech qachon patentlashtirmadi. Biroq u shon-shuhratni ham rad etardi. U o‘z ixtirosini o‘zining shaxsiy yutug‘i emas, balki birgalikdagi g‘oyalar mahsuli deb hisoblardi.

Matti Makkonen o‘z ixtirosi uchun 2008 yilda The Economist jurnalining innovatsiyalar yo‘nalishi bo‘yicha mukofoti bilan taqdirlangan.

Top