19:00 / 02.07.2015
7258

Farg‘ona viloyatida 115 yoshni qarshilagan otaxon hamon tetik holda umrguzaronlik qilmoqda

Farg‘ona viloyatida ham keksalarning munosib hayot kechirishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Mahallalarda otalar choyxonasi, muloqot markazlari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Malakali shifokorlar ularni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.

Viloyat hududidagi “Chimyon” qishloq fuqarolar yig‘inida 115 yoshni qarshilagan Boydada Xo‘jayev hamon tetik, bardam holda umr kechirmoqda. Hech bir tadbir uning ishtirokisiz o‘tmaydi. Oila qurish ostonasidagi yoshlar, fermeru tadbirkorlar otaxonning duosini olishga intiladi. 

U turmush o‘rtog‘i Xolnisa aya bilan olti farzandni voyaga yetkazgan. Ayni paytda 24 nabira, 45 chevarayu 11 evaraning suyukli bobojonisi bo‘lgan Boydada ota Katta Farg‘ona kanali, “Farhod” GESi qurilishlarida ishlagan. Keyinchalik uzoq yillar qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilish barobarida kosibchilik bilan ham shug‘ullangan. Bugungi kunda ham Chimyonda otaxonning kosibchilik maktabi an'analari davom ettirilmoqda. 

"Keksalarini e'zozlagan, yoshlariga g‘amxo‘r bo‘lgan yurtning istiqboli ham porloq bo‘ladi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlarni ko‘rib, ko‘zim quvnaydi, yosharib qolgim keladi. Odamlarning turmushi tobora obod bo‘lib bormoqda. Yoshu keksa davlatimiz e'tiborida. Ayniqsa, Yurtboshimiz joriy yilni Keksalarni e'zozlash yili, deb nomlagani, bizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni hali dunyo ko‘rmagan. Yoshlarga bugungi tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, to‘kin-sochinlikning qadriga yetish, asrab-avaylash zarurligini uqtiraman. Shu kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga beadad shukronalar keltiraman", – deydi otaxon.

"Bu bosh ne kunlarni ko‘rmadi bolam, – deya davom etadi otaxon. – Qo‘limizdan keladigan oddiy bir hunar bilan ham shug‘ullana olmasdik. Bugun zamon o‘zgargan. Ishlagan odam kam bo‘lmaydi. Ishlash uchun, yaxshi yashash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu ishlarning boshida turgan yurtboshimizdan juda minnatdormiz. 

Fotosurat UzA.

Top