11:31 / 02.07.2015
13130

O‘zbekiston OTMlarida magistratura yo‘nalishlariga hujjat qabul qilish boshlandi

2015 yil 1 iyul kuni respublikamizning barcha oliy ta'lim muassasalarida (harbiy OTMlardan tashqari) 2015/2016 o‘quv yili uchun magistratura yo‘nalishlariga qabul komissiyalari ish boshladi. Bu haqda  saytida xabar qilingan.

Hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi.

Joriy yilda 68 ta OTMlarga 5 ming nafar magistr talabalar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Magistraturaga kirishda abituriyentlar (bakalavr darajasiga ega bo‘lganlar, diplomli mutaxassislar) oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
— magistratura mutaxassisligi ko‘rsatilgan holda, oliy ta'lim muassasasi rektori nomiga ariza;
— oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi (yoki diplomdan ko‘chirma — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarini davlat granti bo‘yicha o‘qib tugatganlar uchun) hamda unga ilova;
— 3.5 x 4.5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
— 086-U shakldagi tibbiy ma'lumotnoma.

Hujjatlar taqdim etilishi jarayonida abituriyentlar pasport va harbiy xizmatga aloqadorlik haqidagi hujjatlarini shaxsan ko‘rsatadilar.

Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 23 iyuldagi №206-sonli qaroriga asosan, “Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan bo‘lib, mazkur OTM magistraturasiga qabul aynan o‘sha Nizomga asosan olib boriladi. Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabulning o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma'lumotni quyidagi manzildan olish mumkin.

Top