08:52 / 03.07.2015
4700

Jahon iqtisodiyot va diplomatiya universitetida korrupsiya muammolariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi

Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida BMT konvensiyasining korrupsiyaga qarshi implementatsiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

“Turkiston-press” Milliy axborot agentligining xabar berishicha, anjumanda universitet professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrlari ishtirok etishdi. 2015 yilning 20 iyunida o‘tkazilgan anjumanda, shuningdek, O‘zbekiston Bosh prokuraturasining ma'sul xodimlari ham ishtirok etgan.

Anjuman ishtirokchilari 2008 yilda mamlakat parlamenti tomonidan BMTning korrputsiyaga qarshi konvensiyasi ratifikatsiya qilingandan keyin korrupsiyaga qarshi kurashda ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lganini qayd etishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha harakatlarning Istanbul rejasiga qo‘shilgani ta'kidlab o‘tildi.

Bosh prokuratura vakili qayd etganidek, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishning me'yoriy-huquqiy asoslari, jumladan korrupsiya uchun javobgarlik mexanizmlarini takomillashtirishga katta e'tibor berilmoqda.

O‘zbekistonda “2015 yilga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlarning kompleks rejasi” qabul qilinib, amalga oshirilmoqda. Bu hujjat o‘z ichiga korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional va tashkiliy-amaliy mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan bir qator katta miqyosdagi tadbirlarni oladi.

Xususan, bunday tadbirlar orasida korrupsiya muammosini o‘rganuvchi maxsus tadqiqotlarni tizimli ravishda o‘tkazish, bu masala bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish kabi chora-tadbirlar bor. Bu chora-tadbirlar korrupsiyaga ko‘proq moyil bo‘lgan sohalarni aniqlashga, uning vujudga kelish sabablari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga imkon beradi.

Anjuman yakunlariga ko‘ra o‘quv jarayoniga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ta'lim dasturlarini samarali kiritish, bu sohadagi milliy va xorijiy qonunchilikni chuqur o‘rganish bo‘yicha tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Top