14:25 / 04.07.2015
8352

Janubiy Koreya OAVi: KXDR generali Rossiya orqali uchinchi mamlakat hududiga qochdi

Rossiya hududida bo‘lib o‘tgan Janubiy Koreya bilan muzokaralarda ishtirok etgan Shimoliy Koreya generali Pak Sin Von Rossiyadan o‘z vataniga qaytishni istamadi. Bu haqda «Tona Ilbo» nashri xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, Koreya xalq armiyasi generali bo‘lgan ushbu shaxs 2000 yilda Chedju orolida o‘tkazilgan Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya muzokaralarining birinchi raundi ishtirokchisi hisoblanadi. U 2015 yilning aprelida Rossiya elchixonasida "uchinchi mamlakat"dan siyosiy boshpana so‘ragan.

General Pak Sin Von 2014 yilda Kanvando viloyatida harbiy baza qurilishidagi xizmatlari uchun mamlakatning oliy mukofoti bo‘lmish "Mehnat qahramoni" medali bilan taqdirlangandi.

Ma'lum qilinishicha, Pak Sin Von bu qarorini "mamlakatda olib borilayotgan siyosiy terror" tufayli qabul qilgan.

"Tona Ilbo" ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu general muqaddam KXDRning Rossiyadagi elchixonasida harbiy attashe sifatida xizmat qilgan, uning qizi Moskva tibbiyot institutida o‘qigan.

Pak Sin Vonning "uchinchi mamlakat" hududiga o‘tib ketgani haqidagi ma'lumot tasdiqlanmagan. Shuningdek, u o‘zi uchun siyosiy boshpana sifatida qaysi davlatni tanlagani ham aniq emas.

Top