20:27 / 04.07.2015
5374

Meksika Markaziy Amerika va Karib havzasining eng bexavotir bo‘lmagan davlati deb topildi

Meksika Markaziy Amerika va Karib havzasining eng bexavotir bo‘lmagan davlatlari ro‘yxatining eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Ushbu reyting Institute for Economics and Peace (Iqtisodiyot va tinchlik instituti) xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuzildi.

Meksika bu borada jahon miqyosida 162 ta davlat ichida 144-o‘rinni egalladi hamda 2009 yildan beri 33 o‘ringa tushib ketdi. Lotin Amerikasi davlatlari ichida faqatgina Kolumbiya Meksikadan ko‘ra xavfliroq deb topildi va ushbu ro‘yxatning 146-o‘riniga joylashtirildi.

Meksika ichki mojarolar, qasddan amalga oshirilgan qotilliklar soni va jamiyatning jinoyatlarga munosabati kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha past baholandi. Mamlakatda jinoyatchilik bilan kurashga 2014 yilda 221,4 mlrd dollar yo‘naltirilgan bo‘lib, bu qiymat mamlakat YaIMning 10 foizini tashkil qiladi.

Meksikada, shuningdek, siyosiy terrorchilik deb ataluvchi jinoyatlarning soni o‘sgani qayd qilindi. Bunday jinoyatlarga inson huquqlari buzilishi, odamlar o‘g‘irlash va qiynoqlar qo‘llash kabi jinoyatlar kiradi. Mamlakatdagi qasddan amalga oshirilgan qotilliklarning katta qismi aynan shunday jinoyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Meksikaning Michoakan, Gerrero, Guanaxuato va Sinaloa shtatlarida mamlakatdagi eng yuqori zo‘ravonlik darajasi qayd qilingan. Bu shtatlardan bir-biri bilan kurashayotgan guruhlar o‘rtasidagi mojarolar qurbonlari, huquq-tartibot muassasalari xodimlariga hujum qilish va pul talab qilish maqsadida odamlar o‘g‘irlash haqida ko‘plab xabarlar olinadi.

Top