17:20 / 04.07.2015
42157

Uyqu uchun eng yaxshi va yomon 10 mahsulot

Tungi odam bo‘lishimiz yoki bo‘lmasligimizdan qat'i nazar har birimiz sevimli yostig‘imizga bosh qo‘yishimiz bilan uyquga ketishni istaymiz. Uyqusizlik insonni ruhan charchatadi, bundan tashqari yaxshi uyqu salomatlik garovidir.

Olimlar orasida qaysi mahsulot uyquni ta'minlab, qaysi biri uni qochirishi to‘g‘risida hali yakdil fikr yo‘q. Biroq qandaydir darajada uyquni chaqirishga yordamlashadigan va aksincha, uni o‘g‘irlaydigan  mahsulotlarning norasmiy ro‘yxati tuzilgan. Bugun sizni xuddi o‘sha ro‘yxat bilan tanishtirmoqchimiz.

UYQU ChAQIRUVChI 10 TA ENG YaXShI MAHSULOT

Olcha

Olcha tarkibida melatonin mavjud bo‘lgan mevalardan biri. Bu modda organizmimizning ichki soatlarini nazorat qilishga ko‘maklashadi. Tadqiqodlarga ko‘ra, olchaning nordon sharbati ichilsa, u surunkali uyqu buzilishi bilan og‘rigan kattalarda uyquning davomiyligi va sifatini yaxshilashga sabab bo‘ladi. Sayyohlar ko‘pincha vaqt buzilishlari tufayli yuzaga keladigan uyqu buzilishidan xalos bo‘lish maqsadida tarkibida melatonin mavjud bo‘lgan dori-darmonlarni iste'mol qilishadi.

Sut

Bolaligimizda uxlay olmasak onamizning bir stakan issiq sut berishini yodimizda. Bu shunchaki og‘izdan-og‘izga o‘tib kelgan odat emas. Sut tarkibida serotonin (baxt gormoni) va melatonin (xotirjamlik gormoni)ni ishlab chiqaruvchi aminokislota hamda triptofan mavjud.

Boyitilgan don bo‘tqasi

Uglevodlar uyqu uchun ajoyib vosita, biroq uxlashdan oldin pechene yeyish yaxshi emas. Bir kichik kosada tarkibida “yaxshi” va “murakkab” uglevodlar mavjud bo‘lgan donli bo‘tqa tanovul qilganingiz maqsadga muvofiq. Unga sut qo‘shsangiz ikki baravar kuchli uyqu chaqiruvchi aralashma hosil bo‘ladi.

Jasminli guruch

Jasminli guruchida ham melatonin va serotonin ishlab chiqaruvchi triptofan mavjud. Bunday guruchni uxlashdan 4 soat oldin iste'mol qilsangiz, u asta-sekin qonga glyukoza yuboradi va bu jarayon uyquni tezlashtiradi.

Banan

Bananning uyquga foyda ekanligining sababi, unda mushaklar to‘qimasini bo‘shashtiruvchi tabiiy moddalar – magniy va kaliy mavjud. Bundan tashqari, uning tarkibida uyquni tezlashtiruvchi uglevodlar ham bor. Umuman olganda banan sog‘lik uchun koni foyda. Kaliy yurak-qon tomir tizimi hamda aqliy faoliyati uchun zarur moddalardan biri hisoblanadi.

Shirin kartoshka

Shirin kartoshka – uyquni sevuvchilar uchun juda qulay vosita. Uning tarkibida nafaqat murakkab uglevodlar, balki mushaklar to‘qimasini bo‘shashtiruvchi kaliy ham mavjud. Odatiy kartoshka, oy shaklli loviya va papayya ham kaliyga boy mahsulotlar sirasiga kiradi.

Kurka go‘shti

Sut kabi kurka go‘shti tarkibida ham triptofan bor. Biroq agar siz uyqusizlikning murakkab ko‘rinishi bilan og‘risangiz sizga sut va kurka go‘shti yordam berishi amri mahol. Balki bu mahsulotlarni haddan tashqari ko‘p iste'mol qilishingizga to‘g‘ri kelar.

Valeriana choyi

Tadqiqotlarga ko‘ra, valeriana ildizi tez uxlab qolishga va uning uzoq davom etishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, unda odatiy choy kabi kofein mavjud bo‘lmay, uni ichgan kishi bo‘shashib, mudroq bosadi.

Yong‘oq

Yong‘oq tarkibida katta miqdorda triptofan hamda melatonin mavjud. Uxlashgan oldin undan bir siqimini o‘zini yoki sabzavotli salatga qo‘shib iste'mol qiling.

Ismaloq

Ismaloq triptofan va uning tezroq singib ketishiga yordamlashuvchi V6 vitaminiga boy. Ha, bu mo‘'jizaviy ko‘katni yongo‘qlar bilan salatga aralashtirishni unutmang.

 

UYQU QOChIRUVChI 10 TA MAHSULOT

Bekonli chizburger

Mazkur fastfuddagi yog‘ sizni uyqudan mosuvo qilishi tayin. Yog‘ oshqozondagi kislota ishlab chiqarilish jarayonini tezlashtirib, uning jig‘ildonga tushish xavfini tug‘diradi. Natijada me'da qaynashi yoki zarda boshlanadi. Umuman olganda, yog‘ va tuz bilan miqdori juda ko‘p bo‘lgan bu yegulikda sog‘lik uchun foydali biror moddasi yo‘q.  

Vino

Har qanday alkogolli ichimlik uyqu uchun zararli. U organizmga tezda singib ketib, bir necha bor uyg‘onishga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, uxlashdan oldin ichish xurrak otishga olib keladi. Bu esa, albatta, sherigingiz uxlashiga halaqit beradi.

Qahva

Qahva tarkibida asab tolalarini qo‘zg‘atuvchi kofein mavjud. Yotishdan oldin qahva ichsangiz, uzoq vaqt uxlay olmaysiz, balki umuman uxlolmassiz ham. Hammasi ichimlik miqdori va kuchiga bog‘liq. Albatta, barchasi tanangizning kofeinni qanday qabul qilishiga bog‘liq. Agar siz o‘zingizning “kofein miqdori”ngizni bilmasangiz, unda kechqurun qahva ichmaganingiz ma'qul.

Qora shokolad

Shokolad tarkibida nafaqat katta miqdorda kaloriya, balki kofein ham bor. Ayniqsa, qora shokoladda. Bundan tashqari shokolad teobrominga boy. Bu modda yurak urishini tezlashtirib, uyqusizlikni chaqiradi.

Energetik ichimliklar

Energetik ichimlikning uyquni buzishi sababi yana kofein. Bunday ichimliklar tarkibidagi kofein miqdori 2-3 katta chashkadagi qahva kofeiniga teng.

Gazlangan ichimliklar

Kola, Sprayt va boshqa gazlangan ichimliklar tarkibida kofein, shuningdek, oshqozon-ichak yo‘lini jarohatlab, kislota ajralib chiqishiga olib keluvchi benzoat natriy mavjud. Bu ikkala modda uyqu uchun eng yomon moddalar hisoblanadi.

Hind karrisi

Uyquga ovqatning o‘zi emas, balki uning ichidagi ziravorlar halaqit beradi. Agar yaxshi uxlay desangiz, bu ovqatni kechqurun yog‘i va ziravorlari kamroq holda tanovul qiling.

Dori-darmon

Ba'zi dorilar tarkibida kofein bo‘ladi. Og‘riq qoldiruvchilar, ozdiruvchi tabletkalar va shamollashga qarshi vositalarda bir chashka qahvadan ko‘ra ko‘proq kofein bo‘lishi mumkin. Dori qutisidagi ma'lumotlarni yaxshilab o‘qib chiqing.

Go‘sht

Oqsilga boy mahsulotlar uyqu jarayonini sekinlashtirib, uyquni samarasiz qiladi. Uxlayotganda ovqat hazm qilish susayadi, oqsillar esa bu jarayonni yanada sekinlashtiradi. Shuning uchun organizm uxlash o‘rniga ovqatni hazm qilishda davom etadi. Agar kechki ovqatga go‘sht tanovul qilmoqchi bo‘lsangiz, uxlashga yordam berishi uchun taomnomangizda, albatta, uglevod ham bo‘lsin.

Suyuqlik

Kun davomida suv ichib yurish juda foydali. Ammo uxlashdan bir necha soat oldin suv ichishni to‘xtatgan ma'qul. Bo‘lmasa kechasi bilan tinimsiz hojatxonaga qatnashingiz tayin.

Xullas, uyqu chaqiraman deb dori axtarib dorixonaga yugurgandan ko‘ra, yuqoridagi mahsulotlardan iste'mol qilib ko‘ring. Ular tabiiy yo‘l bilan uyqingizni ta'minlab beradi.

Manba: Xabardor.uz internet nashri

Top