11:28 / 06.07.2015
5688

Hindiston bosh vaziri O‘rta Osiyo va Rossiya safarini Toshkentdan boshlaydi

6 iyul kuni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi sakkiz kunlik turnesini boshladi. Shu kunlar davomida u O‘rta Osiyoning besh respublikasida bo‘ladi, shuningdek, Rossiyada bo‘lib o‘tadigan BRIKS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, JAR) va ShHT sammitlarida ishtirok etadi.

“Bosh vazir O‘zbekistonda (6-7 iyul), Qozog‘istonda (7-8 iyul), Turkmanistonda (10-11 iyul), Qirg‘izistonda (11-12 iyul) va Tojikistonda (12-13 iyul) bo‘ladi, – ma'lum qildi tashqi ishlar vazirining g‘arb mamlakatlari bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Navtej Singx Sarna. – 8-10 iyulda Modi Ufada BRIKS va ShHT sammitlarida ishtirok etadi”.
Modining dastlabki to‘xtaydigan nuqtasi Toshkent shahri bo‘ladi. U yerda Hindiston yetakchisi hindshunoslar hamda hind tilini o‘rganayotgan talabalar bilan uchrashishi, shuningdek, karbamid ishlab chiqaruvchi Hindiston-O‘zbekiston qo‘shma korxonasining ochilish marosimida ishtirok etishi kutilmoqda.

Qozog‘istonning Hindistondagi elchisi Bo‘lat Sarsenbayevning ma'lum qilishicha, ikki tomonlama savdo va investitsion hamkorlikning yo‘l xaritasi borasida kelishuv amalga oshiriladi.

Turkmanistonda Modi to‘xtaladigan asosiy mavzu Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston gaz quvurining qurilishi bo‘lishi kutilmoqda. Mintaqaning qolgan ikki davlatida esa Hindistonga daxldor yodgorliklarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi: Qirg‘izistonda Maxatma Gandining, Tojikistonda esa Nobel mukofoti laureati, hind shoiri va musiqachisi Robindranat Thokurning haykali ochiladi.

Top