23:53 / 06.07.2015
5695

Hindiston O‘zbekistonga investitsiyalar kiritishga tayyorligi ma'lum qilindi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan o‘tkazgan muzokaralari natijalariga ko‘ra, Hindiston O‘zbekistonga investitsiya kiritishga tayyorligini ma'lum qildi.

Modi Islom Karimovning ikkala davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish lozimligi haqidagi fikriga qo‘shilishini ta'kidlab o‘tdi.

Modi qishloq xo‘jaligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, energetika va boshqa sohalar bo‘yicha Hindiston O‘zbekistonga investitsiyalar kiritishga tayyorligini aytdi.

Islom Karimov Hindiston bosh vazirining O‘zbekistonga birinchi rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishida yangi bosqichni ochadigan muhim hodisa sifatida qaralishini ta'kidlab o‘tdi.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra tomonlar qo‘shma bayonot qabul qilishdi. Shuningdek, muzokaralar davomida sayyohlik sohasidagi hukumatlararo kelishuv, O‘zbekiston va Hindiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik protokoli, ikki davlat orasida 2015-2017 yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik dasturi imzolandi.

Top