18:07 / 06.07.2015
5009

Iroqda Bag‘dodni terrorchilikdan himoya qilish bo‘yicha yangi struktura yaratildi

Iroqda Bag‘dodni terrorchilikdan himoya qilish bo‘yicha yangi struktura yaratildi. Bu haqda 6 iyul kuni Iroq aksilterror markazi rasmiy vakili Saboh an-No‘mon ma'lumot berdi.
Uning so‘zlariga qaraganda, yangi guruh aksilterrorchilik markazi doirasida ishga tushirilgan bo‘lib, undan ko‘zlangan asosiy maqsad poytaxtni terrorchilardan qo‘riqlash va uning eng xatarli qismlarida xavfsizlikni ta'minlashdir.
An-No‘monning aytishicha, ushbu guruh shaxsiy tarkibi eng zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta'minlanadi.
Bag‘dodni mudofaa qiluvchi maxsus strukturaning yaratilishi birinchi navbatda IShIDga qarshi harbiy harakatlar jabhasining yaqinlashib kelayotganligi bilan bog‘liqdir. Anbar viloyatining markazi Ramadi shahri egallanganidan so‘ng jangarilar yangi hududlarni egallab, Bag‘dod tomon siljishda davom etmoqda. Jumladan, oxirgi kunlarda jangarilar Ramadi yaqinidagi Xasiba shahrini egallashdi. U esa Bag‘doddan 85 km g‘arbda joylashgan. Shu bilan birga, IShID qo‘shinlari poytaxtdan 100 km janubdagi Bobil viloyati shaharlariga tahdid solmoqda. Shaharning o‘zida muntazam ravishda qo‘poruvchilik harakatlari amalga oshirilmoqda, ular uchun javobgarlikni esa IShID o‘z zimmasiga olmoqda.
Iroq parlamenti mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Hakim az-Zamiliyning fikricha esa, bu gaplar haddan ortiq bo‘rttirib yuborilgan, ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q.
“Bag‘dodda minglab harbiy xizmatchilar bor, ular shaharni himoya qilishga tayyor, – dedi parlamentariy. – Shunga qaramay, ayrim zaif nuqtalar bor; bundan tashqari, shahar ichida IShIDni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlar mavjud”.

Top