22:05 / 06.07.2015
6422

Islom Karimov va Narendra Modi dolzarb masalalarni muhokama qilishdi

6 iyul kuni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekistonga ishchi tashrif bilan keldi. Narendra Modi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashuvi chog‘ida Toshkentga kelganidan xursandligini, uni iliq kutib olgan Islom Karimov va o‘zbek xalqiga minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.
Narendra Modi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi yaqin aloqalar, ikki davlat xalqlari umumiy tarixiy ildizlarga egaligi sababli o‘zining Markaziy Osiyo davlatlariga tashrifini aynan O‘zbekistondan boshlashga qaror qilganini ta'kidlab o‘tdi.
Oxirgi yillarda ikki davlat o‘zining strategik hamkorligini o‘zaro hurmat asosida qurib kelmoqdalar. Bu hamkorlik o‘z ichiga tobora kengayib borayotgan iqtisodiy hamkorlik, terrorchilikka qarshi kurashni oladi.
Modi o‘z nutqi davomida hindistonlik tadbirkorlar O‘zbekistonga sarmoya kiritishga katta qiziqish bildirayotganlarini aytib o‘tdi.
Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida ikki davlat delegatsiyasi ishtirokida tor doirada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda iqtisodiy hamkorlik, qishloq xo‘jaligi, axborot-texnologiyalari, transport, madaniyat va sayyohlik sohalaridagi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalari, Afg‘onistondagi vaziyat, terrorchilikka qarshi kurash, kiberxavfsizlik, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki davlat o‘rtasida 2015-2017 yillarga mo‘ljallangan Madaniy hamkorlik dasturi imzolandi.

Top