20:21 / 07.07.2015
3304

Chilonzorda 26 mln so‘mlik kiyim-kechakni o‘zlashtirib olgan firibgar ayol qo‘lga olindi

Toshkentlik Barchin Lazizovaning ikki o‘g‘lining to‘yiga atab olib qo‘ygan 26 mln so‘mlik kiyim-kechak va matolarini aldov yo‘li bilan olgan firibgar qo‘lga olindi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.
1977 yili tavallud topgan Farangiz Xoliqova uzoq vaqt qalloblik bilan kun kechirib yurgan. Bir kuni Barchin Lazizovaning onasi Rohila aya og‘ir xastalikka chalingani, oilaga zudlik bilan jarrohlik amaliyot uchun pul kerakligini eshitgan Xoliqova ularning xonadoniga borib, barcha kiyimlarni sotib berishini aytdi. Tomonlar 26 mln so‘m narxga kelishishdi. Xoliqova 10 kun ichida pullarni yetkazishini ma'lum qildi, ammo shundan so‘ng qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ydi.
Xavotirga tushgan Lazizova uni Farangiz bilan tanishtirgan qo‘shnisi Nasimadan uning uyini aniqladi. Ammo bundan ham natija bo‘lmadi: Xoliqova yolg‘on va'dalar berib, pullarni tez orada yetkazishiga Lazizovani ishontirib qaytarib yubordi.
Oradan ancha vaqt o‘tgach, pullar qaytmasligini tushungan Lazizova uning ustidan militsiyaga arz qildi. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida vaziyat aniqlashtirilib, jinoyatchi jazoga tortildi.

Top