08:38 / 07.07.2015
4536

Klichko-Fyuri jangini Grozniyda o‘tkazish taklif qilingani ma'lum bo‘ldi

"Agar Klichko-Fyuri o‘rtasida o‘ta og‘ir vazn toifasida jahon chempioni unvoni uchun jangni o‘tkazish bo‘yicha auksion bo‘lib o‘tganda va unda rossiyalik promouter Vladimir Xryunovning taklifi yutganda ushbu jang Grozniyda bo‘lib o‘tishi mumkin edi", deb ma'lum qilinmoqda "Gazeta.ru" nashrida.

Uchta jahon chempioni kamariga ega ukrainalik bokschi va WBA versiyasi bo‘yicha chempionlik kamari uchun jang o‘tkazishga majburiy nomzod hisoblangan britaniyalik bokschining vakillari uzoq vaqt davomida jangning o‘tkazilishi bo‘yicha kelishuvga erisha olmayotganlari sababli tashkilot ushbu jangni o‘tkazish huquqini sotish bo‘yicha auksion o‘tkazishga qaror qildi. Auktsion boshlanishiga oz fursat qolganda Klichko va Fyuri kelishuvga erishganlarini va jang 24 oktabrda Dyusseldorfda o‘tkazilishini ma'lum qilishdi.

“Afsuski, ish auksiongacha yetib bormadi. Klichkoning vakili Tom Lefler meni ko‘rishi bilan Fyurining vakili Mayk Xennesining shartlarini zudlik bilan qabul qildi. Ular auksion boshlanishiga bir daqiqa qolganda bitim tuzdilar. Bu haqda WBA prezidenti Jilberto Mendos ma'lum qildi”, deb aytmoqda rossiyalik promouter Xryunov o‘zining instagramdagi sahifasida.

“Biz ushbu jang uchun taklif qilgan 18 242 232 dollar miqdoridagi mablag‘ takliflar ichida eng kattasi edi. Hamkorim Umar bilan bu jangni Grozniyda o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilgan edik”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Xryunov.

WBA shartlariga ko‘ra, jang kimning foydasiga tugashidan qat'iy nazar Klichko umumiy gonorarning 80 foizini, Fyuri esa 20 foizini oladi.

Top