17:27 / 09.07.2015
4178

BRIKS davlatlari o‘rtasida qo‘shma futbol uchrashuvi va kinofestivali o‘tkazish taklif qilindi

Rossiyaning Ufa shahridagi BRICS davlatlari (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy Janubiy Afrika) sammitida mamlakat yetakchilari davlatlararo qo‘shma futbol uchrashuvi va kinofestivali tashkil qilish taklifi o‘rtaga tashlandi. Bu haqda Tengrinews.kz nashri xabar tarqatdi.

Manbaning yozishicha, bunday favqulodda taklif bilan davlatning norasmiy kengaytirilgan yig‘ilishi paytida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi chiqqan.

«So‘nggi o‘n yillikda biz o‘zaro hamkorlik rishtalarini o‘rnatishimiz uchun ajoyib imkoniyatlar ochildi. Biz o‘zaro tajribalarimizni almashish mumkin. BRICS`ga a'zo bir qator mamlakatlar esa sport sohasida yaxshigina yutuqlarga erishishdi. Biz BRICS mamlakatlari o‘rtasida sport musobaqalarini tashkil qilish mumkin deb hisoblaymiz. Hattoki, keyingi yilning o‘zidayoq futbol uchrashuvini tashkil qilishimiz mumkin. Futbol BRICSga a'zo barcha davlatlarda ommabop sport turi sanaladi», deya ta'kidladi Modi.

«Biz shuningdek kinolar festivalini o‘tkazishimiz va unda o‘z sovrinlarimizni joriy qilishimiz mumkin. Sababi kino madaniyatning eng asosiy bo‘g‘inlaridan biri. Biz bir-birimizni yanada yaxshiroq bilib olishimiz mumkin», deb so‘zini yakunladi Hindiston hukumati rahbari.

Eslatib o‘tamiz, BRICS va ShHT a'zolari mazkur sammit doirasida terrorizmga, jumladan IShID terrorchilik guruhiga qarshi kurashish masalasini muhokama qilishi xabar qilingandi. Sammit doirasida mamlakatlarning 10 mingta vakillari qatnashmoqda. Shuningdek, ularni yoriitib borish uchun 1700 nafar jurnalist akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

Top