10:52 / 09.07.2015
3131

Rim papasi Frantsisk koka barglaridan damlangan choy iste'mol qilib ko‘rdi

Rim papasi Frantsisk Ekvadordan Boliviyaga parvozi davomida tarkibida koka (bargidan kokain olinadigan buta) barglari bo‘lgan choydan iste'mol qilib ko‘rdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Pontifik tarkibida kokadan tashqari moychechak (romashka) va anis urug‘lari bo‘lgan “Trimate” deb nomlanuvchi bu ichimlikdan dengiz sathidan 4 ming metr balandlikda joylashgan Boliviya poytaxti La-Pasga kelishi oldidan o‘zini tetik sezish uchun iste'mol qilib ko‘rishga qaror qildi. Styuardessaning aytishicha, Papaga samolyot bortida hamrohlik qilgan jurnalistlarga ham ushbu choydan iste'mol qilib ko‘rish taklif qilingan.

El-Alto aeroportida Frantsiskni Boliviya prezidenti Evo Morales kutib oldi hamda shu munosabat bilan nutq so‘zladi. Dastlab nutq 15 daqiqa davom etishi belgilangan edi, biroq uni 5 daqiqagacha qisqartirishga qaror qilindi. Qayd etilishicha, bunga poytaxtning juda baland joylashgani bir o‘pka bilan yashovchi 78 yoshli Papaning salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligi sabab bo‘lgan.

Morales Papaga And hududi tub aholisi koka barglarini saqlaydigan alpak (lamaga o‘xshash tuyoqli jonzot) junidan tayyorlangan qopchani sovg‘a qildi.

Frantsiskning kokain giyohvand moddasi olish uchun xom ashyo sanaladigan koka bargini iste'mol qilib ko‘rish istagi haqida Boliviya madaniyat vaziri Marko Machikao ma'lum qildi. Uning aytishicha, pontifikning mamlakatga tashrifi arafasida mamlakat rahbariyati unga kokadan damlangan choy ichib ko‘rishni taklif qilgan, biroq Rim Papasi uni chaynab ko‘rish istagini bildirgan.

Ma'lumot uchun, koka barglari BMTning 1961 yildagi giyohvand moddalar haqidagi konvensiyasiga ko‘ra, noqonuniy modda deb e'lon qilingan. Biroq Boliviyada undan diniy yoki tibbiy maqsadlarda foydalanishga ruxsat berilgan. And mintaqasi tub xalqlari koka barglarini o‘zlarini tetik his qilish maqsadida chaynab yurishadi. Boliviya prezidenti Evo Morales kokadan foydalanishni yoqlab chiqadi va uni muqaddas o‘simlik hisoblaydi. 2009 yilda mamlakat konstitutsiyasiga kokani “Boliviyaning madaniy merosi” deb ta'riflovchi band kiritilgan.

Top