12:32 / 09.07.2015
20849

Yaponiya suvlari ostida Xubilayxonning kemasi topildi

Yaponiyalik arxeologlar Takasima oroliga yaqin hududda 15 m suv ostida XIII asrda g‘arq bo‘lgan kema qoldiqlarini topishdi. Taxminga ko‘ra, kema 1281 yili Yaponiyaga hujum qilgan mo‘g‘ul armadasi tarkibiga kirgan. Kema qoldiqlarining uzunligi 12 m, kengligi 3 m.
Afsonaviy sarkarda Chingizxonning nabirasi Xubilay 1281 yili Yaponiyaga hujum qilishga otlanadi. Ammo dengizda kamikadze nomini olgan tayfunning ko‘tarilishi natijasida uning floti suv ostiga g‘arq bo‘ladi. Arxeologlar bu kemaning o‘sha flotga tegishli ekanligini taxmin qilmoqda.
Flotga tegishli dastlabki kema 2011 yilda topilgan edi.
Ryukyu universiteti xodimi, tadqiqot rahbari Yoshifumi Ikedaning so‘zlariga qaraganda, kemaning mo‘g‘ullarga tegishli ekanligini aniqlash uchun u yerdagi topilmalar, jumladan, sopol buyumlar, chinni qadahlar, odamlarning qoldiqlari o‘rganib chiqilgan. Ularning bari XII-XIII asrga tegishli ekanligi aniqlangan. O‘z navbatida, kema shakli mo‘g‘ullar davriga ishora qildi.
Xitoyda Yuan sulolasiga asos solgan mo‘g‘ul xoni Xubilay Yaponiyaga ikki marta yurish qilgan – 1274 va 1281 yillarda, ammo ikki safar ham unga dengiz to‘fonlari to‘sqinlik qilgan. Yapon manbalarida bu to‘fonlar kamikadze, ya'ni “ilohiy shamol” deb atalgan. Afsonaga ko‘ra, bu to‘fonlar yaponlarni asrab qolish uchun xudolar tomonidan yuborilgan. Yaqinda aniqlanishicha, bu darajada shiddatli tayfunlar oxirgi 2 ming yil ichida faqatgina XIII asr ikkinchi yarmida kuzatilgan ekan.

Top