17:48 / 10.07.2015
2481

ShHT strukturalari yil davomida 300dan ortiq terroristik va ekstremistik jinoyatlarni to‘xtatib qoldi

2014 yili Shanxay hamkorlik tashkilotining tegishli hamkorlik organlari 317 terroristik aktni tayyorlanish bosqichida to‘xtatib qoldi. Bu haqda tashkilotning kengaytirilgan majlisida tashkilot mintaqaviy aksilterror strukturasi ijroiya qo‘mitasi direktori Chjan Sinfen bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ShHTga tahdid soluvchi uch asosiy “yovuzlik” hanuzgacha terrorchilik, ayirmachilik va ekstremizdan iborat. Xususan, ShHT davlatlari aholisi uchun eng katta xavfni IShID, Sharqiy Turkiston islom harakati, Islom jihodi ittifoqi singari guruhlar tug‘dirmoqda.
“O‘tgan yil davomida ShHTning tegishli organlari tahdidlarga qarshi kurashish yo‘lida samarador choralar ko‘rdi, – Sinfenning so‘zlarini keltiradi TASS. – Natijada jinoiy faoliyatda gumon qilinayotgan 333 kishi qo‘lga olindi, terrorchilar tayyorlovchi 391 baza va xalqaro terrorchilik tashkilotlarining 650 nafar a'zosi yo‘q qilindi”.
Bundan tashqari, terrorchilarning internet orqali olib borayotgan targ‘ibotiga qarshi ham kurashilmoqda. ShHT organlari internet monitoringi natijasida hisobot davrida 4.8 ming fotosurat, 3.1 ming videorolik, 320 audioyozuv va 8 ming nusxa elektron adabiyot yo‘q qilindi. 2015 yilda esa ShHT davlatlarining bu yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun kibermashg‘ulotlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Top