10:49 / 13.07.2015
10339

Toshkentda kafe egasini shantaj qilib yurgan ayol 30 ming dollar olayotganida qo‘lga olindi

Toshkentning Qoraqamish dahasida joylashgan “Millenium” kafesining xo‘jayini hujjatlarda yo‘l qo‘ygan ayrim soxtakorliklari tufayli shantaj obektiga aylandi, ammo militsiyaning aralashuvi tufayli ish uning foydasiga hal qilindi. Voqea tafsilotlari “Darakchi” gazetasida keltirildi.
Aytilishicha, kafening doimiy mijozlaridan bo‘lgan Gulnoz ismli ayol muassasa boshqaruvchisi Rumiyaning binoni sotib olmoqchi ekanligi, ammo ayrim hujjatlarning yo‘qligidan qiynalayotganligini bilib qolib, tanishlari orqali kadstr hujjatlarini tayyorlab bergan. Ammo ikkita ta'sischining Toshkentda emasligi bois ish orqaga cho‘zilgan. Ta'sischilar telefon orqali o‘z nomlaridan imzo chekishga ruxsat berishgan. Shunga qaramay, 600 mln so‘mlik hujjatlarda ikkita soxta imzo paydo bo‘lgan.
Bu xizmatlar evaziga Rumiya Gulnozni kichik kafelardan biriga boshqaruvchi qilib tayinlagan. Ikki oydan so‘ng Gulnozning bu ishga layoqatsizligi aniqlangach, uni bo‘shatib, o‘rniga jiyanini tayinlagan.
Alam ustida Gulnoz undan o‘ch olishga qaror qilgan. Turli nayranglar ish bermagach, nihoyat o‘sha ikkita soxta imzo masalasida shantaj qilishga o‘tgan va dastlab 20 ming, so‘ng 30 ming dollar talab qilgan. Rumiya militsiyaga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Gulnoz Rumiyadan 30 ming dollar olish paytida xolislar ishtirokida qo‘lga olingan.

Top