20:03 / 13.07.2015
5278

Ukraina Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston bilan aviaaloqani tiklash vazifasi qo‘yildi

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Valeriy Voshevskiy Ukraina infratuzilma vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Davlat aviatsiya xizmatiga O‘zbekiston bilan aviaaloqani tiklash vazifasini yukladi. Bu qaror Ukraina Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilish yakunlariga ko‘ra qabul qilindi.

Avvalroq Ukraina aviatsiya vazirligi tarkibidagi aviakompaniyalar va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tomonidan ikki davlat o‘rtasida haftada 1 ta reys amalga oshirilayotgan edi. Biroq Ukraina Davlat aviatsiya xizmati “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga Ukrainaga parvozlar amalga oshirish uchun ruxsatni bekor qildi. O‘zbekiston bunga javoban Ukraina aviakompaniyalarining O‘zbekistonga parvozlarini bekor qildi.

Ukraina infratuzilma vaziri o‘rinbosari Vladimir Shulmeysterning aytishicha, muammo ikki davlat aviatashuvchilari o‘zaro hal qilishlari kerak bo‘lgan tijoriy masalalardan iborat. Aviaaloqani yo‘lga qo‘yish maqsadida bu haftada Ukrainaning mas'ul vakillari O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Abdualiyev bilan uchrashuv o‘tkazadilar.

Xabar berilishicha, hozirda O‘zbekistonda 110 mingga yaqin ukrain millatiga mansub fuqarolar yashaydi, Ukrainada esa 25 mingga yaqin o‘zbekistonlik ishlaydi. Bundan tashqari, Ukraina O‘zbekistonning 8-raqamli yirik tashqi savdo hamkori hisoblanadi, uning ulushiga O‘zbekistonning butun savdo aylanmasining 6 foizi to‘g‘ri keladi.

Top