09:35 / 15.07.2015
2064

Alisher Usmonov 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlaridan keyin Qilichbozlik xalqaro federatsiyasiga rahbarlik qilishda davom etishi haqida qaror qabul qiladi

Qilichbozlik xalqaro federatsiyasi (FIE) prezidenti, milliarder Alisher Usmonov Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlaridan keyin FIE ga yangi prezidentlik muddatiga o‘z nomzodini qo‘yish-qo‘ymasligi haqida qaror qabul qiladi. Bu haqda Usmonov Moskvada 14 iyulda o‘tkazilgan matbuot-anjumanida aytib o‘tdi.

Moskvada 13-19 iyul kunlari qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda.

“Ko‘p narsa sub'yektiv sabablarga bog‘liq bo‘ladi. Hozircha bo‘lib o‘tadigan saylovlarga istiqboldek qaramoqdaman. Olimpiya o‘yinlaridan keyin yakuniy qarorga kelaman”, deb aytdi Usmonov ushbu holat yuzasidan.

FIE saylov kongressi Rio-de-Janeyrodagi Olimpiadadan keyin Moskvada bo‘lib o‘tadi.

Alisher Usmonovning fikricha, FIE o‘z sport turini butun dunyo bo‘ylab sermahsul rivojlantirmoqda.

“Jahon chempionati ishtirokchi davlatlari soni yanada oshdi: Qozonda 102ta davlat ishtirok etgan bo‘lsa, bu yili 108ta davlat qatnashmoqda. Demak, biz qilichbozlikning universalligi va uni yoyish, butun dunyo bo‘ylab qilichbozlik oilasini kengaytirish nuqtai nazaridan to‘g‘ri yo‘lda turibmiz. Olimpiya o‘yinlari oldidan o‘tkaziladigan jahon chempionatining qayerda o‘tkazilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu chempionatning g‘oliblari katta ehtimol bilan Olimpiya o‘yinlarida ham sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritadilar. Bu yerda hammaga o‘z mahoratini ko‘rsatishni va o‘zlarining eng yaxshi natijalariga erishishni tilab qolamiz”, deb aytdi Usmonov.

“Biz Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrikadan g‘olib davlatlar pozitsiyalarining yanada kuchayishini kutib qolamiz. Bizning vazifamiz iloji boricha kengroq raqobatchilikni vujudga keltirishdan iborat. Rio-de-Janeyrodagi o‘yinlar bizning sport turimizning rivojlanishiga yangi turtki bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qildi Usmonov.

FIE prezidenti qilichbozlik yana teleekranlarga qaytganini va ushbu sport turining tomoshabopligini oshirish tashkilotning ustuvor vazifalaridan biri ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

Top