17:10 / 15.07.2015
5616

Andijon shahridagi Bobur maydoni qayta ta'mirlandi

Andijon shahri markazidagi Bobur nomidagi maydon qayta tam'irdan chiqarildi. Keng ko‘lamda olib borilgan ta'mirlash ishlaridan keyin shaharliklar yanada zamonaviy va qulay maydonda istirohat olish imkoniga ega bo‘lishgan.

Ma'lum qilinishicha, maydonda 15 kun davomida ta'mirlash ishlari olib borilgan va bu ishlar uchun 1 mlrd 671 mln so‘m mablag‘ sarflangan. Ta'mirlash ishlariga eng yaxshi qurilish tashkilotlari hamda texnikalar jalb etilgan. Bu hududda asosiy ishlarni bajarishni "Zuxro ta'mir qurilish" pudratchi firmasi o‘z zimmasiga olgan.

"Zuxro ta'mir qurilish" pudratchi firmasi bosh mutaxassisi Abdumalik To‘ychiyev boshchiligidagi ishchilar maydon hududini kengaytirishgan hamda hududga chorqirra toshlar yotqizib chiqishgan. Shuningdek, atrofga manzarali daraxtlar ko‘chatlari, buta va gullar o‘tqazilgan. Natijada, shaharning tungi qiyofasi ko‘rkam holatga keltirilgan.

"Maydonning tashqi tomonida kichik bog‘lar hosil qilindi. Ozod Bozorbekov, Otabek Ergashev va boshqa mutaxassislar o‘zlarining mahoratlarini ko‘rsatishdi", deydi ta'mirlash ishlariga bosh bo‘lgan Shuhratbek Ahmedov.

Qayd etish joizki, bu ta'mirlash ishlaridan keyin maydon o‘rtasida musiqali favvora o‘rnatilgan. Favvorada montaj ishlari "Akvatex" tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, favvora suvi 10 metr balandlikka otiladi.

Maydonning ochilish marosimida mahalliy va hududiy boshqarmalari, a'zolari, faxriylar, jamoatchilik vakillari hamda qo‘shni mahallalar aholisi vakillari ishtirok etgan.

Top